Yanvar voqealari ishtirokchilariga amnistiya berish to‘g‘risida qonun ishlab chiqildi

Olam

image

Qozog‘iston Bosh prokuraturasi yanvar voqealari ishtirokchilariga amnistiya to‘g‘risidagi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi. Hujjat “Ochiq huquqiy hujjatlar” portalida e’lon qilindi.

“Kichik va o‘rta og‘irlikdagi jinoyat sodir etgan shaxslarni jinoiy javobgarlikdan to‘liq ozod qilish taklif etilmoqda. Og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etgan shaxslarning jazo muddati qisqartirilishi mumkin”, deyiladi qonun loyihasi matnida.

Shu bilan birga, qonun loyihasi davlatga xiyonat qilish, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, korrupsiya, terrorchilik, ekstremistik jinoyatlar, qiynoqlar bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan, shuningdek, takroran jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Ma’lum qilinishicha, yanvar voqealari bo‘yicha dastlabki tergov organlari tomonidan amnistiyaga oid 391 jinoyat ishi ko‘rib chiqilmoqda. Ular doirasida 383 nafar gumondor va sudlanuvchi bor. Sud 102 kishiga taalluqli 36 ta ishni ko‘rib chiqishni boshlagan.

1035 nafar shaxs sudlangan bo‘lib, ulardan 93 nafari ozodlikdan mahrum qilish joylarida jazoni o‘tayapti, 930 nafari shartli jazoda, 3 nafari jarimaga tortilgan, 9 nafari jamoat ishlariga jalb qilingan.

Qayd etilishicha, hujjatni ishlab chiqishga prezident Qosim-Jomart To‘qayevning yanvar voqealari ishtirokchilariga nisbatan bir martalik amnistiya qo‘llash to‘g‘risidagi topshirig‘i asos bo‘lgan.

Ma’lumot o‘rnida, yanvar oyi boshida Qozog‘istonda ommaviy tartibsizliklar bo‘lib o‘tdi, ularning ishtirokchilari politsiya va harbiylarga hujum qildi. To‘qev davlat to‘ntarishiga urinish haqida e’lon qildi va yordam so‘rab Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga murojaat qildi. 7 yanvarga kelib vaziyat barqarorlashdi, 19 yanvardan butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat bekor qilindi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu hodisalar natijasida 238 kishi halok bo‘lgan, 4,5 mingdan ortiq kishi jarohatlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Qonli yanvar'

Baholaganlar

29

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing