Gorbachyovning Ozarbayjondagi qirg‘ini. “Qora yanvar” voqeasiga 35 yil to‘ldi
Tahlil
−
20 yanvar
751320 yanvar voqealari Ozarbayjon xalqining yodida “Qora yanvar”, “Qonli yanvar” yoki oddiygina “20 yanvar” deb nomlangan qahramonlik va fojia bilan bog‘liq tarixiy voqea sifatida saqlanib qolgan. 1990 yil 19 yanvar kechasi soat 23:30 atrofida SSSRning turli harbiy qismlari favqulodda holatni e’lon qilmasdan, to‘satdan Baku shahriga bostirib kirib, mustaqillik yo‘lida ko‘chalar va maydonlarda yig‘ilgan tinch aholiga shafqatsizlarcha hujum qildi. Oqibatda yuzlab tinch va qo‘lida hech qanday qurol bo‘lmagan odamlar o‘ldirildi, jarohatlandi yoki izsiz yo‘qoldi. Favqulodda holat e’lon qilinganidan oldin, sovet harbiylari Baku shahrida 82 odamni shafqatsizlarcha o‘ldirgan, 20 nafari jiddiy jarohatlangan edi. Favqulodda holat e’lon qilinganidan keyin, 20 yanvar va keyingi kunlarda shaharda yana 21 odam o‘ldirildi. Favqulodda holat qo‘llanmagan boshqa hududlarda ham 25 yanvar kuni Neftechala va 26 yanvar kuni Lenkoran shaharlarida 8 tinch fuqaro o‘ldirilgandi.
Bu dahshatli voqealardan bizni atigi 35 yil ajratib turibdi. Bu qisqa vaqt davomida Ozarbayjon mustaqillikka erishib, o‘zining mustaqil davlatini barpo etdi va katta rivojlanish yo‘lini bosib o‘tar ekan, jahon mamlakatlari orasida o‘ziga xos o‘rniga ega bo‘ldi. Bu davrda shafqatsiz qirg‘in oqibatida hayotini yo‘qotgan bolalar xotirasi har doim xalq va davlat tomonidan yodda tutilgan, har yili odamlar “Shahidlar xiyoboni”ga to‘planib, ozodlik va mustaqillik yo‘lida jonini fido qilgan shahidlarni hurmat bilan eslaydi. Ozarbayjon xalqining 20 yanvar shahidlariga bo‘lgan hurmat va ehtiromi, albatta, uning kurashchan va qahramon ruhining, milliy iftixorining aksidir, ammo bu masalada Ozarbayjon olib borayotgan adolatli va to‘g‘ri siyosatining rolini ham inkor etib bo‘lmaydi. Ozarbayjon 1993 yildan boshlab 20 yanvar hodisasiga, uning tarixiy va ijtimoiy-siyosiy mazmuniga doimo alohida e’tibor qaratgan. Yanvar shahidlarining xotirasini ulug‘lab, ularning maxsus maqomini saqlab qolgan. O‘sha kechasi Sovet rahbariyatining buyrug‘i bilan Ozarbayjon xalqiga qarshi qurollangan 65 ming harbiy kuch, xususan asli arman askarlari hech qanday ogohlantirishsiz shaharga besh tomondan kirib keldi. Tanklar va zirhli mashinalar odamlarni ezib tashlab, go‘yoki o‘zlari bilmagan holda hammaga qarata o‘q uzdi. 20 yanvar va undan keyingi kunlarda Baku, Neftechala va Lenkoranda jami 147 kishi halok bo‘ldi, 744 kishi yaralandi, 800 dan ortiq kishi hibsga olindi.
Bugungi kunda ham ushbu dahshatli fojianing minglab tirik guvohlari bor. Sovet Ittifoqi qo‘shinlarining Ozarbayjonda sodir etgan harbiy jinoyati, shu bilan birga, ozarbayjonliklar “bukilmasligining” eng ta’sirchan dalillaridan biri o‘sha davrdagi suratlardir. Bakuning qonga botgan kechasi, begunoh odamlarning ko‘chalardagi jasadlari, shahidlar dafn marosimidagi olomon tasvirlangan bu suratlar o‘sha kunlarning dardini yana bir bor yodga soladi.
20 yanvar Ozarbayjon tarixiga ham fojia, ham qahramonlik dostoni sifatida yozildi. Shahidlar dafn marosimiga yig‘ilgan olomon xalq boshidan kechirgan chuqur qayg‘uni, ayni paytda uning milliy birligini, bir maqsad yo‘lida naqadar chambarchas birlashganini butun dunyoga namoyish etdi. Bu lahzalarni abadiylashtiradigan suratlarda Ozarbayjon tarixining ham mashaqqatli, ham faxrli sahifalari aks etgan.
Ozarbayjonning umummilliy lideri Haydar Aliyev ta’kidlaganidek, 20 yanvarning tarixdagi ahamiyati vaqt o‘tishi bilan yanada yaqqolroq ko‘zga ko‘rinadi. 1990 yil 20 yanvarda Ozarbayjon xalqi ozodlik va mustaqillik uchun kurashda ilk shahidlarini berdi.
Bundan o‘ttiz besh yil avval boshlangan mashaqqatli va shonli harakat Ozarbayjonni 1991 yil 18 oktyabrda davlat mustaqilligiga olib keldi. 2020 yilda 44 kunlik “Vatan urushi”da qo‘lga kiritilgan buyuk Qorabog‘ g‘alabasi va 2023 yil sentyabr oyida amalga oshirilgan aksilterror choralari natijasida mamlakatning hududiy yaxlitligi va suvereniteti to‘liq tiklandi. Shu bois Ozarbayjon xalqi 20 yanvar fojiasining 35 yilligini alohida g‘urur va iftixor bilan nishonlamoqda.
O‘sha sovuq qish kechasi sovet askarlari tomonidan odamlar otib, o‘qqa tutilib, tanklar ostida tor-mor etilgani, aslida, xalqning ozodlik, mustaqillik yo‘lidagi ilk katta qadami edi.
Fojiadan so‘ng Ozarbayjon to‘liq axborot blokadasiga o‘tkaziladi. Ushbu axborot blokadasini o‘sha paytda Moskvada yashagan mamlakat liderlaridan biri Haydar Aliyev buzdi. Fojia yuz bergan tongda – 21 yanvar kuni Haydar Aliyev oila a’zolari bilan birga Ozarbayjonning Moskvadagi doimiy vakolatxonasiga kelib, ona xalqi bilan birdamligini namoyish etdi, rahbariyat tomonidan amalga oshirilgan bu qonli operatsiyaga keskin qarshiligini bildirdi. U bu qonli jinoyatga qarshi norozilik ovozini baland qilib, Ozarbayjonda sodir bo‘lgan voqealar qonunga, demokratiyaga va insonparvarlikka zid ekanini ta’kidladi. Uning 20 yanvar voqealariga oid bayonoti natijasida SSSR rahbariyati tomonidan Ozarbayjon xalqiga nisbatan ana shunday dahshatli, o‘zgacha shafqatsizlik bilan amalga oshirilgan davlat terroridan dunyo ahli xabardor bo‘ldi.
O‘sha yilning 20 noyabrida Naxichevan Muxtor Respublikasi Oliy Majlisining sessiyasida Haydar Aliyev 20 yanvar fojiasini Ozarbayjon xalqining suveren huquqlariga tajovuz sifatida baholadi.
“Menimcha, 19-20 yanvar kunlari sodir bo‘lgan bu fojia Sovet Ittifoqi siyosiy rahbariyatining, shaxsan Gorbachyovning katta gunohi oqibatidir, bu uning diktatorlik tendensiyalari tufayli yuzaga kelgan vaziyatdir. Shu bilan birga, bu xalqning xiyonati va Ozarbayjon rahbarlarining jinoyati oqibatidir. Bu Ozarbayjon xalqiga qarshi harbiy tajovuz, Ozarbayjon xalqiga nisbatan haqorat, jinoyatdir”, degan edi u.
20 yanvarga o‘tar kechasi Ozarbayjon xalqining ozodlik va g‘alaba yo‘lining poydevori qo‘yildi. Bu davrda Ozarbayjon mislsiz taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi va mintaqada ham, jahonda ham nufuzli davlatga aylandi. Oradan vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, o‘zgarmagan yagona narsa – xalqning shahidlarga ko‘rsatayotgan hurmat va ehtiromi saqlanib qoldi. Ushbu fojiadan so‘ng, “Shahidlar xiyoboni” ozarbayjonliklarning muqaddas ziyoratgohlaridan biriga aylandi. Baku shahrining eng baland cho‘qqilaridan birida joylashgan bu muqaddas maskan ularning milliy qayg‘usi, ularning kurashi va yengilmas irodasi ramzidir.
LiveBarchasi