Yangiyo‘lda 5 kishini o‘ldirishda gumonlangan shaxsga nisbatan sud ishi boshlandi
3-sahifa
−
15 noyabr
6875Joriy yilning iyul oyida Toshkent viloyatida Yangiyo‘l tumanida bir oilaning barcha a’zolari o‘ldirilib, uyiga o‘t qo‘yib yuborishda gumonlangan shaxsga nisbatan ochilgan jinoyat ishini sudda ko‘rib chiqish boshlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi.
Bugun, 15 noyabr kuni Toshkent viloyat sudida Jinoyat kodeksining 97- (qasddan odam o‘ldirish), 118- (nomusga tegish), 134- (qabrni tahqirlash), 164- (bosqinchilik) va 173- (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan 1995 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan Z.S.ga (erkak) oid jinoyat ishini birinchi instansiyasida ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni boshlandi.
Bildirilishicha, ushbu jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqiladi.
"Qo‘shimcha ma’lumot sud jarayoni yakuni bo‘yicha beriladi", deydi Oliy sud matbuot kotibi.
Voqea qanday sodir bo‘lgan edi?
26 iyul kuni soat 06:19 larda Yangiyo‘l tumani Nurafshon ko‘chasida joylashgan xonadonda yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan. Xabarga asosan Yangiyo‘l tumani FVB Yong‘in qutqaruv qismi o‘t o‘chiruvchilari voqea joyiga yetib borgan va kelib chiqqan yong‘in bartaraf etilgan.
Xonadonni ko‘zdan kechirish davomida 1991 yilda tug‘ilgan erkak, 1999 yilda tug‘ilgan ayol, 2021 va 2022 yilda tug‘ilgan bolalar, 2018 yilda tug‘ilgan qizning murdalari turli tan jarohatlari bilan topilgan. Ma’lum qilinishicha, vafot etganlar er-xotin va ularning 2 nafar farzandi, 1 nafar qiz jiyani bo‘lgan.
Ushbu jinoyatni sodir etganlikda gumonlanayotgan shaxs protsessual tartibda ushlangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 29 yoshdagi gumonlanuvchi shaxs marhumning qarindoshi hisoblanib, u ushbu jinoyatni o‘rtalarida mavjud bo‘lgan qarz munosabati sababli sodir etgan.
LiveBarchasi