Yangi Zelandiya Putinga yaqin 87 kishini qora ro‘yxatga kiritdi
Olam
−
24 fevral 2023
3164Yangi Zelandiya hukumati rossiyalik siyosatchilar, harbiylar va tadbirkorlarga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qildi. Bu haqda 24 fevral kuni orol davlati Tashqi ishlar vaziri Nanaya Maxutaga tayanib, Rossiya OAVlari xabar berdi.
“Bugun biz Rossiyaning harakatlarini qoralash uchun unga qarshi eng katta sanksiyalar paketini e’lon qilamiz. Prezident [Rossiya] Vladimir] Putinga yaqin siyosiy arbob bo‘lgan 87 nafar Rossiya fuqarosiga nisbatan yangi cheklov choralari joriy etiladi”, deydi Maxuta.
Vazirning ta’kidlashicha, yangi sanksiyalar ro‘yxatiga, Rossiya Federatsiyasi Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, mojaroda faol ishtirok etayotgan harbiy xizmatchilar va harbiy qismlar qo‘mondonlari, shuningdek, ularning oila a’zolari kiritilgan.
“Rossiyaning bosqinchiligiga javoban Yangi Zelandiya tomonidan ko‘rilgan choralar va Ukrainani qo‘llab-quvvatlash ko‘lami misli ko‘rilmagan, chunki Rossiya Federatsiyasining harakatlari butun dunyo va mamlakatimiz xavfsizligi va iqtisodiy barqarorligiga ta’sir qiladi”, deydi vazir.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 23 fevral kuni Avstraliya hukumati ham Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosarlari, vazirlar, gubernatorlar, Moskva va Butun Rus patriarxi Kirillga sanksiya kiritgan edi.
Ma’lumot uchun, Rossiya-Ukraina mojarosining birinchi yili natijalariga ko‘ra, Rossiya o‘ziga nisbatan qo‘yilgan cheklovlar soni bo‘yicha dunyoda Eron, Suriya va Shimoliy Koreya kabi davlatlardan oldinga chiqdi. “Castellum.ai” global sanksiyalar monitoringi ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, 2022 yil 22 fevraldan beri Rossiyaga nisbatan 11 327 ta cheklov joriy etilgan. Rossiyaga qarshi sanksiyalarning umumiy soni 14 022 taga yetdi.
LiveBarchasi