Yangi “yadro bombasi”. U cho‘ntagimizda “portlashi” mumkin

Tahlil

1980 yillardan boshlab dunyoda internetning ommalashuvi bir necha yil ichida geosiyosiy ob-havoga ta’sir o‘tkaza boshladi. Bu esa tez orada mojarolar lug‘atida yangi – axborot urushi atamasining vujudga kelishiga asos bo‘ldi. 2000 yillarda ko‘plab ijtimoiy tarmoqlarning yaratilishi, axborot almashinuvining jadallashuvi va har bir shaxs axborot markazi bo‘la olish imkoniyatining vujudga kelishi bilan onlayn dunyo rostmanasiga siyosiy va harbiy qurolga aylandi. XXI asrda butun boshli fuqarolik jamiyatlarini manipulyatsiya qilish, dezinformatsion operatsiyalar uyushtirish va g‘arazli maqsadlarni amalga oshirishda propagandadan foydalanish yanada osonlashdi. Televideniye, media maydon va undagi turli platformalarda mavjud bo‘lgan imkoniyatlar to‘laligicha ishga solindi. Xavotirlisi shuki, bu jarayon ayni damda davomli tarzda amalga oshirib kelinmoqda va uning kelajakda yanada takomillashuvi haqidagi insaydlar yetarlicha. Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Medvedchukning Ukrainadagi buzg‘unchi telekanallari, Kremlning bir qancha shovinistik media mahsulotlari, Qo‘shma Shtatlarning internet olamidagi chek-chegarasiz kuch-qudrati va o‘tgan davrlar davomida undan qanday foydalangani hamda kelajakdagi ehtimoliy rejalari shular jumlasidandir. Dunyo chuqur inqirozni boshdan kechirgan COVID-19 pandemiyasi davrida Pentagon tomonidan Xitoy vaksinasiga qarshi olib borilgan antivaksina operatsiyasi esa alohida mavzu. Shu jumladan, yaqin fursatlarda sun’iy intellekt ishtirokida ishga solinishi taxmin qilinayotgan insondan farq qilmaydigan “deep fake” ham bo‘lajak potensial xavfdir. Quyida internet tarmoqlarida qilingan shunday xavfli siyosiy loyihalar va kelajakda har bir davlat bilan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan xatarlar haqida so‘z yuritiladi.

AQSHning Markaziy Osiyodagi “antivaksina operatsiyasi”

Dunyodagi ikki yirik gigant – Xitoy va AQSH o‘rtasida iqtisodiy, siyosiy va harbiy qarama-qarshiliklar safida yana bir kurash maydoni – axborot urushi ancha yillardan buyon avjiga chiqqani hech kimga sir emas. Bu jarayon asosan Donald Trampning dastlabki prezidentlik mandati davrida yanada kuchaygandi. Ikki o‘rtadagi mojaroning keskinlashuvi 2020 yilning mart oyida Xitoy hukumati rasmiylari koronavirusni Xitoyga birinchi marta 2019 yili Uxandagi xalqaro harbiy sport musobaqasida qatnashgan amerikalik harbiy xizmatchi o‘zi bilan olib kelgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi da’vosi ortidan boshlandi. Xitoy rasmiylari virus Merilend shtatining Fort-Detrik shahridagi AQSH armiyasining tadqiqot markazida paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi haqida biron bir dalilga asoslanmagan taxminni ilgari surdi.

AQSH Adliya vazirligi esa o‘sha payt Fort-Detrik nomli mazkur fitnani targ‘ib qilish uchun Xitoy razvedka xodimlari soxta ijtimoiy tarmoq akkauntlarini tashkil qilganini da’vo qildi. Hammasi shundan boshlangandi.

Ushbu mojarodan 4 yil o‘tib, joriy 2024 yilda “Reuters” axborot agentligi surishtiruvi Xitoy tomonidan Qo‘shma Shtatlarga nisbatan qilingan tuhmat chin o‘lkasida ishlab chiqarilgan vaksinalar va dunyodagi qator mintaqalarga qanchalik qimmatga tushgani haqidagi haqiqatlarni yuzaga chiqardi. Unga ko‘ra, jarayon Xitoy tomonidan AQSHga qilingan axborot xurujiga xuddi shu shaklda javob qaytarishga qaror qilinganidan boshlangan. 2020 yil bahorida Tramp davridagi Pentagon rahbari Mark Esper buyrug‘iga binoan, o‘sha paytda AQSHning Tinch okeani armiyasi qo‘mondoni o‘rinbosari bo‘lgan va ayni damdagi maxsus kuchlar qo‘mondoni Jonatan Braga Xitoyga qarshi operatsiyani amalga oshirishga kirishadi. U Filadelfiyada joylashgan Tampa shahridagi MacDill havo kuchlari bazasini Xitoyga qarshi targ‘ibot uyushtirish uchun yashirin ob’ektga aylantiradi. Bu yerda harbiy xizmatchilar va mazkur operatsiyaga jalb qilingan pudratchilar Twitter, Facebook va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda yuzlab soxta anonim akkauntlar ochadi. Ular ushbu soxta “user”lar orqali Xitoyning yaqin kunlarda sinovlari boshlanadigan koronavirusga qarshi ilk vaksinasini obro‘sizlantirishga qaratilgan feyklarni sizdirishni boshlaydi. Bu orqali tez orada Xitoy tomonidan yetkazib beriladigan vaksinalar va boshqa himoya vositalarining xavfsizligi va samaradorligiga shubha uyg‘otish maqsad qilingandi. Ammo bu shunchaki qasos olish emas, balki koronavirus sharoitida rasmiy Pekinning sa’y-harakatlari tufayli dunyoning turli mintaqalarida Xitoy ta’sirining oshib ketishiga qarshi qaratilgan maxsus operatsiya edi. Chunki Xitoy bu paytga kelib, virusga qarshi niqoblardan tortib, boshqa qator uskunalargacha gumanitar yordam sifatida dunyo mamlakatlariga yetkazib berishni jadal yo‘lga qo‘ygan va hatto bu o‘ziga xos COVID-19 diplomatiyasiga ham aylanib ketgandi.

Pentagonning antivatssina operatsiyasi Xitoyning Sinovac nomli vaksinasining ilk klinik sinovlari boshlanishi bilan deyarli bir vaqtda, aniqrog‘i 2020 yilning mart-aprel oylarida start oldi. AQSH harbiylari bu missiya ichida Yer yuzidagi uchta mintaqani nishonga oladi. Bular Janubi-sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo kabi hududlar edi. Ular har bir hududga shu yerdagi shart-sharoit va qadriyatlardan kelib chiqqan holda yondashdi va bu usul yaxshigina ish berdi.

Dastlab, eng asosiy kuch Janubi-sharqiy Osiyoga, jumladan Filippinga tashlandi. Tarmoqlarda yaratilgan soxta akkauntlar filippinliklarning nozik nuqtasiga zarba berdi. Aniqroq qilib aytganda, Xitoy va Filippin o‘rtasida Janubiy Xitoy dengizidagi uzoq yillik hududiy kelishmovchiliklar bunda ayni muddao bo‘lib, Filippin aholisida Xitoyga qarshi kayfiyat uyg‘otish unchalik qiyin bo‘lmasligi tayin edi. Pentagon tomonidan yaratilgan sahifalarda yozilgan xabarlarning mazmuni asosan bitta nuqtaga – Xitoy vaksinalariga ishonchsizlik uyg‘otishga qaratilgandi. Ular “virusning Xitoydan chiqqani, unga qarshi vaksina ham aynan shu yerdan kelayotgani shubhali emasmi?” degan xulosaga yetaklaydigan gumonlarga yo‘g‘riladi. Bundan tashqari, Xitoydan keladigan niqoblar va virusga qarshi mo‘ljallangan boshqa jihozlarning samarasizligi va shunga o‘xshash yolg‘on xabarlar ham tarmoqlarda uzluksiz tarzda sizdirib boriladi. AQSH harbiy mulozimlari Xitoyning COVID diplomatiyasi boshqa Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari, xususan, Kambodja va Malayziyani Pekinga yaqinlashtirishidan ham qattiq xavotirda edi. Ammo ularning bunday tashviqoti asosan Filippinga yo‘naltirilishining jiddiy sababi mavjud edi. Negaki, Qo‘shma Shtatlar va Filippin o‘rtasidagi munosabatlar 2016 yilda Rodrigo Dutertening hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng yomonlasha boshlagan, yangi rahbar Qo‘shma Shtatlarning ashaddiy tanqidchisi bo‘lib, mamlakatda joylashgan Amerika qo‘shinlari ustidan AQSHning qonuniy yurisdiksiyasini bekor qilish bilan tahdid qilgandi. Pandemiya esa Duterteni Xitoyga yaqinlashtira boshlashi Oq uyni yanada jiddiy xavotirga soldi. Pentagonning mazkur dezinformatsiya kompaniyasi esa filippinlar orasida rostdan ham Xitoy vaksinalariga nisbatan ma’lum darajada ishonchsizlik va qo‘rquv uyg‘ota olgani keyinchalik o‘z tasdig‘ini topa boshladi. Chunki AQSH tashviqotlaridan so‘ng Filippinning o‘sha paytdagi prezidenti Rodrigo Duterte virusga qarshi emlanishni xohlovchi filippinliklar soni juda kamligidan chuqur xavotir bildirgan. U hatto 2021 yil iyun oyida xalqqa qilgan telemurojaatida vaksina olishni rad etgan fuqarolarni qamoqqa tashlash bilan qo‘rqitish darajasigacha chiqqan. Chunki Filippinda o‘sha paytda mavjud bo‘lgan 114 million aholidan bor-yo‘g‘i 2 millionigina to‘liq emlangandi. 2021 yilning yozida virusga chalinish holatlari 1,3 milliondan oshgan, buning oqibatida halok bo‘lganlar esa 24 ming kishini tashkil qilardi. Mamlakatda asosan Xitoy vaksinasi mavjud bo‘lib, bu vaksinaga nisbatan ishonchsiz bo‘lgan aholini emlashdagi qiyinchilik Filippinni Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari orasida koronavirusdan o‘lish bo‘yicha eng yomon ko‘rsatkichlarni qayd etishiga olib keldi. “Reuters” tekshiruvi davomida o‘zi bilan bog‘langan ba’zi Filippin sog‘liqni saqlash mutaxassislari va sobiq amaldorlar AQSHning ijtimoiy tarmoqlardagi antivaksina operatsiyasi o‘sha paytda ko‘plab fuqarolarni manipulyatsiya qilib ulgurganini ta’kidlagan.

Pentagonning mazkur dezinformatsiya loyihasi faqat Filippin bilan cheklanib qolmadi. 2020 bahorida Janubi-sharqiy Osiyoda boshlangan psixologik operatsiya o‘sha yilning yozida yangi mintaqalarga ham ko‘chdi. AQSH harbiylarining navbatdagi o‘ljasi Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq edi. Bu ikki mintaqaga ular boshqacha strategiya bilan yondashgan holda virus va Xitoy vaksinasi atrofidagi mavzuga diniy tus berish yo‘lidan bordi. Maqsad ijtimoiy tarmoqlardagi soxta akkauntlar orqali Xitoy vaksinalari tarkibida cho‘chqa jelatini mavjud degan xabarlarni tarqatib, internet foydalanuvchilari orasidagi musulmon segmentini sarosimaga solish edi. Yaqin Sharq uchun ochilgan soxta akkauntlar arab tilida, Markaziy Osiyo uchun mo‘ljallanganlari esa rus tilida xabarlar tarqata boshlaydi. Markaziy Osiyoni nishonga olgan harbiylar tomonidan yaratilgan memlardan birida Xitoy bayrog‘i hijobli musulmon ayollar va vaksina shpritslari qadalgan cho‘chqalarni ajratib turadigan parda sifatida ko‘rsatilgan. “Reuters” bu xabar Markaziy Osiyoni, jumladan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonni nishonga olganini iddao qildi. Bir vaqtning o‘zida yuzlab soxta akkauntlar orqali shunday turdagi xabar va karikaturalar tarqatiladi. Masalan, sobiq Twitter platformasida qoldirilgan quyidagi tvitlar Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq qanday va qay shaklda nishonga olinganini yaqqol ochiqlaydi.

“O‘z vaksinasida cho‘chqa go‘shti jelatini borligini yashirishga urinayotgan va uni Markaziy Osiyo va ko‘pchilik bunday dori harom deb hisoblaydigan boshqa musulmon mamlakatlarida tarqatayotgan Xitoyga ishonish mumkinmi?” Mumbaydagi Raza akademiyasi musulmon olimlari Xitoyning koronavirusga qarshi vaksinasi tarkibida cho‘chqa go‘shtidan olingan jelatin borligi va harom vaksina bilan emlashdan saqlanish tavsiya etilgani haqida xabar berdi. Xitoy bu dori aynan nimadan tayyorlanganini yashiradi, bu esa musulmonlar orasida ishonchsizlikni keltirib chiqaradi”.

Shunday qilib, AQSH armiyasining antivaksina operatsiyasi 2020 yil bahoridan to 2021 yil o‘rtalariga qadar davom etgan. Qizig‘i shundaki, Pentagon o‘z xabarlarini Facebook va Instagram tarmoqlarida yashirincha tarqatishi davomida Meta bosh kompaniyasining nazoratchilari e’tiborini tortadi. Facebook rahbarlari ilk bor 2020 yilning yozida Pentagonga murojaat qilib, Facebook ishchilari AQSH harbiylarining soxta akkauntlarini osongina aniqlaganini bildiradi va bu kompaniya siyosatiga to‘g‘ri kelmasligini aytadi. Ammo Qo‘shma Shtatlarning harbiy mulozimlari soxta akkauntlar terrorizmga qarshi kurashda foydalanilayotganini ta’kidlab, Facebook’dan ushbu postlarni o‘chirib tashlamaslikni so‘raydi. Mazkur loyiha sobiq prezident Donald Tramp davrida boshlanib, 2021 yilda Jo Bayden prezidentligi mandatining ilk oylarida ham ma’lum vaqt davom etdi. Biroq, nihoyat, Bayden 2021 yilning bahorida boshqa raqiblar tomonidan ishlab chiqarilgan vaksinalarga qarshi kurashni taqiqlovchi farmon chiqarganidan so‘ng bu tashviqot yakunlanadi.

2024 yilga kelib, “Reuters” tomonidan o‘tkazilgan surishtiruvda Pentagonning ijtimoiy tarmoqlarda Xitoyga qarshi uyushtirgan dezinformatsiya kampaniyasiga doir bir qator dalillar ochiqlandi. Unga ko‘ra, sobiq Twitter platformasida Filippindagi tarmoq “user”lariga ta’sir o‘tkazishda foydalangan 300 ta, boshqa mintaqalar uchun mo‘ljallangan 150 ga yaqin soxta akkauntlar yaratilgan. Bunday akkauntlar Facebook va Instagramda ham mavjud bo‘lgan va ularning deyarli barchasi 2020 yil bahor va yoz oylarida ishga tushirilgan. “Reuters”ning bildirishicha, AQSH harbiylari tomonidan foydalaniladigan soxta akkauntlar butun maxsus operatsiya davomida o‘n minglab obunachilarga ega bo‘lib, ular Pentagon pudratchilari tomonidan boshqarilgan. AQSH Markaziy qo‘mondonligiga bu ishda xizmat ko‘rsatgan asosiy pudratchi esa General Dynamics IT kompaniyasi ekanligi aytiladi. Tekshiruvlarga ko‘ra, aynan ularning xatosi tufayli ijtimoiy tarmoq rahbarlari soxta akkauntlarning kelib chiqishini osongina aniqlagan.

Sizni qanday “raqsga tushirishlari” mumkin?

Yuqorida so‘z yuritilgan voqelik Pentagon tomonidan amalga oshirilgan maxsus operatsiya “psixologik urushlar” va ziddiyatli davrning avj olganidan dalolat beradi. Qudratli tashqi kuchlar istalgan paytda mana shunday “psixologik tajovuz”larni amalga oshira olishi mumkin. Bu sohada nafaqat AQSH, balki Xitoy va Rossiyaning ham tajribasi yaxshigina shakllangan. COVID-19 paytida Qo‘shma Shtatlar harbiylari tomonidan ijtimoiy tarmoqlardagi soxta akkauntlar orqali Xitoy vaksinalariga qarshi uyushtirgan keng ko‘lamli dezinformatsiya kompaniyasi allaqachon eng sodda va oddiy usulga aylanib bo‘lgan. Haqiqatdan yiroq bo‘lgan chalg‘ituvchi xabarlar bilan olib boriladigan axborot urushi rivojlangan paytda soxta akkauntlar bilan “jang” qilish urfdan qolib bo‘ldi.

Ammo shu sodda uslub endi foyda bermaydi va buning ta’siri juda past deyishga hali ancha erta. Tarmoq foydalanuvchilarida “fact-checking” qobiliyati shakllanmagan, davlat axborot siyosatida senzura kuchli va buning oqibatida tezkor, tun-u-kun ishlaydigan mustaqil OAVlar sanoqli bo‘lgan jamiyatlarda beqarorlik keltirib chiqarish uchun pentagoncha usulni qo‘llashning o‘zi yetib ortishi hech gap emas. Mantiq insonni A nuqtadan B nuqtaga yetkazadi, ammo tasavvur sizni hamma joyga yetkazadi deganlaridek, keling tasavvurni ishga solgan holda bu kabi rejalar qanday qilib amalga oshirilishi mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

Siyosiy beqarorlik va turli tartibsizliklar uyushtirish uchun bir necha yil talab etiladi. Bu yillar esa bir qator tarmoqlar, jumladan, Facebook, sobiq Twitter, ya’ni hozirgi X va Instagram kabi platformalarda shubhali ko‘rinmaslik uchun turli yillarda, har xil muddatlarda yangi akkauntlarni ishga tushirish va operatsiya uyushtirish ko‘zlangan mamlakatdagi ichki va tashqi siyosiy muhitni o‘rganish uchun sarflanishi mumkin. Ushbu soxta akkauntlar nishondagi davlat aholisi va unga ta’sir o‘tkazishga qodir bo‘lgan miqdorda, deylik bir necha yuzdan minggacha, hatto undan ham ko‘p bo‘lishi mumkin. Dastlab, mazkur soxta akkauntlarning barchasi Pentagon kabi yagona bazadan boshqariladi. Ular odatiy faoliyat yuritishi, sahifaga kunlik hikoyalar yoki ora-chorada postlar qo‘yib borishi mumkin. Bularning barchasi akkauntning soxtaligini yashirish va uning ortida oddiy odam turgandek taassurot qoldirish uchun qilinadi. Shunday qilib, aholi orasida tartibsizlik keltirib chiqarish maqsadida mamlakatning ichki muammolari, bu orqali qiynalayotgan xalqning eng og‘riqli nuqtasi nishonga olinadi. Masalan, qish payti mamlakat energetik inqiroz yoqasiga kelib qolgan, isitish tizimi abgor ahvolda bo‘lib, hukumat na sanoat va na xalq iste’moli uchun zarur bo‘lgan ta’minotni ta’minlay olmayotgan mahalda ancha oldin ishga tushirilgan soxta akkauntlar o‘z ishini boshlashi mumkin.

Ayni shunday xabarlar fonida qish payti tabiiy resurslarning ichki bozordagi taqchilligi tufayli yoqilg‘i quyish shoxobchalarida uzundan uzun, hatto bir necha kilometrlargacha cho‘zilgan navbatlarni hosil qilgan avtomobil egalarining bir joyda tabiiy tarzda yig‘ilib qolishi yoki beshikda yotgan go‘dagi sovuqdan zir titrayotganidan g‘azab otiga mingan otalarning “elektroset” atrofida to‘planishi katta yong‘in uchun dastlabki uchqun vazifasini o‘tash ehtimoli yo‘q emas. Tashqi kuchlar aholini shu tarzda oyoqqa turg‘izish va mamlakatda siyosiy buhronlarni keltirib chiqarishdan manfaatdor bo‘lishi mumkin. Bu orqali esa namoyishlarni turli yo‘llar bilan bostirishga uringan hukumatning dunyo hamjamiyati, xususan, G‘arb oldida obro‘sizlantirish orqali, ularning sanksiyalariga duchor etish ko‘zlanadi. Yakunda esa bu ish orqasida turganlar demokratik hamjamiyatlar tomonidan turli sohalarda izolyatsiya qilingan ushbu mamlakat uchun yagona chiqish eshigi sifatida esa o‘zini taklif qiladi. Noteng shartnomalar, asossiz majburiyatlar, bosimlar va boshqa shunga o‘xshash tuzoqlar ana o‘shanda boshlanadi.

Aslida bunday keskinliklar zamon va makon tanlamaydi. Shunday ekan, axborot maydonida shu kabi xurujlarga qarshi shay turish, unga aldanmaslik va tashqi kuchlarning nog‘orasiga o‘ynamaslik bugun barchaning zimmasidagi vazifaga aylanib ulgurdi. Albatta, bunga qarshi turishi lozim bo‘lgan eng katta kuch davlatlarning axborot siyosatiga mas’ul bo‘lgan tuzilmalar va shaxslardir. Davlat tashkilotlari va qator vakolatli organlarning matbuot kotiblari doim hushyor bo‘lishi, ko‘pchilikni qamrab olgan mustaqil OAVlarga uzluksiz tarzda vakolati doirasida ma’lumotlar yetkazishi lozim bo‘lgan payt allaqachon keldi. Chunki rasmiy axborot ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida dezinformatsiyaga nisbatan tez aylanishi lozim. Faqat shundagina o‘ta halokatli axborot xurujlariga qarshi tura olish mumkin.

Sun’iy intellekt aralashuvi vaziyatni yanada murakkablashtiradi

Qudratli tashqi kuchlar uchun soxta akkauntlar tajribasi ancha eskirib ulgurgan. Ular allaqachon bu borada ilg‘or texnologiyaga o‘tishni boshlab yuborganining ehtimoli yuqori. Chunki so‘nggi xabarlar AQSH va Xitoy kabi harbiy va texnologik jihatdan qolganlardan ajralib turuvchi o‘yinchilar axborot maydonidagi “psixologik urush”da sun’iy intellektga murojaat qilayotganini ochiqlaydi.

Xususan, so‘nggi bir necha yil ichida Xitoy sun’iy intellektga katta sarmoya kiritdi va 2030 yilga kelib bu sohada dunyoda yetakchi bo‘lishni va keyinchalik uni harbiy maqsadlarda faol realizatsiya qilishni ko‘zlayotgani aytiladi. Masalan, Tayvan Milliy xavfsizlik byurosining bosh direktori Tsay Ming-yen Xitoy allaqachon sun’iy intellekt orqali “deep fake”larning ulkan bazasini yaratish va bundan orolni beqarorlashtirishda foydalanish ehtimoli oshib borayotgani haqida bayonot berib chiqqan.

“Deep fake” esa bu ko‘pchilikka tanish bo‘lgan sintetik ishlanma bo‘lib, unda odamning yuzi yoki ovozi boshqa odamning harakatlari bilan almashtiriladi. Shu paytgacha turli maqsadlarda, masalan, taniqli shaxslar ustiga axloqsiz tasvirlar kiydirish kabi holatlarda qo‘llanilgan “deep fake” endilikda ijtimoiy tarmoqlarda soxta yangiliklar yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatishda keng miqyosda foydalanilishi kutilmoqda. Masalan, Xitoy chegara hududlarda Hindistondan turli ovoz namunalari to‘playotgani haqida da’volar mavjud. Aytilishicha, mahalliy aholi oldindan yozilgan so‘zlar, iboralar yoki suhbatlarni yozib olish uchun yollangan, ular tomonidan to‘plangan namunalar Xitoyda joylashgan serverlarga o‘tkazilishi iddao qilingan. Ushbu ma’lumotlarni yig‘ishning aniq maqsadi noma’lum bo‘lsa-da, ular “deep fake” tomonidan amalga oshiriladigan dezinformatsiya kampaniyalariga ishora qiladi. Ko‘pchilik bunday shubhalar ortidan Hindiston hukumati hushyor tortishi va har qanday xavfga tayyor turishi lozimligini ta’kidlaydi.

“Deep fake”ning yaqqol namoyon bo‘lgan ilk ta’siri Rossiya-Ukraina mojarosida yuzaga chiqdi. 2022 yil mart oyida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning o‘z qo‘shinlaridan taslim bo‘lishni so‘ragan soxta videosi tarqaldi. Biroq videoning murakkablik darajasi va sifati juda past bo‘lgani bois, uning “deep fake” ekanini ilg‘ash unchalik qiyin bo‘lmagan. Xuddi shunday, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning o‘z qo‘shinlarini qurollarini tashlab, uyiga borishga chaqirgan soxta videosi ham X tarmog‘ida keng tarqalgandi. Tezkor va ishonchli xabarlar mavjud bo‘lmagan sharoitda bunday “deep fake”lar ikki tomonning ham fuqarolari orasida tartibsizlikni keltirib chiqarishi va  harbiy harakatlar atrofida chalkashlik hamda noaniqliklarni ko‘paytirishi turgan gap edi.

Putin va Zelenskiyning “deep fake” tasvirlari insonni ziyraklikka chorlamay qolmaydi. Bir mamlakatning ikkinchisiga bosqini davom etayotgan paytda tomonlar bunday nozik quroldan foydalangan ekan, demak mazkur holat yer yuzining istalgan qismida, istalgan vaqtda yana sinovdan o‘tkazilish ehtimoli yo‘q emas. Yaqin Sharq, Sharqiy Yevropa, Koreya yarimoroli, Tayvan bo‘g‘ozidagi mojarolar va Markaziy Osiyoda hali to‘liq hal qilinmagan “Tolibon” masalasi bor ekan, bu hududlar “deep fake” uchun poligonga aylanishi mumkin. Sun’iy intellekt “deep fake”ni borgan sari quvvatlantirib borayotgan zamonda dunyo siyosatida o‘ziga yarasha o‘rni bor har qanday shaxsning tarmoqlarda to‘satdan virus kabi tarqalishi mumkin bo‘lgan soxta video tasvirlariga zudlik bilan ta’sirchan javob qaytarmaslik, bu borada rasmiy axborot doiralaridan izoh kutish lozim.

Bundan tashqari, bunday maxfiy operatsiyalarda ulkan tajribaga ega Pentagon ham o‘zining bu boradagi salohiyatini kuchaytirishga amaliy qadamlar tashlagani haqida ma’lumotlar paydo bo‘la boshladi. “Intercept” tomonidan qo‘lga kiritilgan sirli hujjatda Amerika Qo‘shma Shtatlarining maxfiy maxsus operatsiyalar qo‘mondonligi “deep fake” internet foydalanuvchilarini yaratishda yordam beradigan kompaniyalarni qidirayotgani va ular haqiqiy odamlardan farq qilmaydigan soxta onlayn shaxslarni ishlab chiqarish harakatiga tushgani ochiqlangan. Hujjatga ko‘ra, AQSH mudofaa doiralari soxtaligini odamlar ham, kompyuterlar ham aniqlay olmaydigan “deep fake” foydalanuvchilar bazasini yaratishga umid bog‘lagan. AQSHning Qo‘shma maxsus operatsiyalar qo‘mondonligi tomonidan 76 sahifali rejasida mamlakatning eng elita, yashirin harbiy harakatlari uchun zarur bo‘lgan ilg‘or texnologiyalar ko‘rsatilgan bo‘lib, inson sifatida taniladigan, ammo haqiqiy dunyoda mavjud bo‘lmagan noyob shaxs bo‘lib ko‘rinadigan soxta onlayn “user”lar, ya’ni “deep fake” akkauntlar yaratish ko‘zda tutilgan. Bu esa COVID-19 davrida Xitoy vaksinalariga qarshi olib borilgan “psixologik urush”da foydalanilgan soxta akkauntlardan tubdan farq qilgan holda, AQSH harbiylariga endilikda quruq yozma postlar bilan emas, balki jonli tasvir va audioga ega soxta shaxslar bilan axborot urushiga kirishga imkon beradi.

“Intercept” ma’lumotlariga ko‘ra, Qo‘shma maxsus operatsiyalar qo‘mondonligi ushbu soxta odamlar hatto “selfie video” yaratish qobiliyatiga ega bo‘lishiga umid qilmoqda. Pentagon uchun bunday imkoniyatni taqdim qilishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy hamkor nomini ham taxmin qilish mumkin. Bu o‘sha antivaksina operatsiyasida ishlagan pudratchi – General Dynamics IT kompaniyasi bo‘lishi mumkin. Chunki “Reuters” tekshiruviga ko‘ra, joriy yil fevral oyida General Dynamics IT 493 million dollarlik shartnomani qo‘lga kiritgan va ko‘p ehtimol mazkur kompaniya AQSH harbiylariga yashirin xizmatlar ko‘rsatishda davom etishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp “antivaktsina operatsiyasi” Xitoy va AQSh “Deep fake”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing