Tramp Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishga va’da berdi – FT
Olam
−
09:22
2257Donald Tramp AQSH prezidenti lavozimiga kirishgach, Ukrainaga yordam berishda davom etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kecha, 20 dekabr kuni respublikachilar jamoasiga tayanib, "Financial Times" (FT) gazetasi xabar berdi.
Manbalariga ko‘ra, Tramp NATO a’zolaridan mudofaa xarajatlarini YAIMning 5 foizigacha oshirishni talab qilmoqchi.
Muzokaralardan xabardor odamlar jurnalistlarga ma’lum qilishlaricha, AQSHning saylangan prezidentining tashqi siyosatdagi eng yaqin yordamchilari shu oydagi maslahatlashuvlar chog‘ida Yevropaning yuqori martabali amaldorlariga uning pozitsiyasi haqida ma’lumot berishgan.
"Ayni paytda NATOga a’zo 32 davlatdan atigi 23 tasi yalpi ichki mahsulotining kamida 2 foizini harbiy ehtiyojlarga sarflaydi. Ushbu xarajatlarni 5% ga oshirish ularni ikki barobardan ko‘proqqa ko‘taradi", deya eslaydi FT.
Trampning rejalari bilan tanish bo‘lgan yevropalik amaldorlardan biri nashr bilan suhbatda gap YAIMning “uch yoki undan ko‘p foizi” haqida ketayotganini ta’kidladi. Uning aniqlik kiritishicha, Qo‘shma Shtatlar bu mavzuni 2025 yil iyun oyida Gaagada bo‘lib o‘tadigan Shimoliy Atlantika alyansi sammitida muhokama qilmoqchi.
Oq uyga ko‘ra, AQSH mudofaa xarajatlari 2024 yilda YAIMning 3,1 foizini tashkil qiladi. Trampning birinchi muddatining so‘nggi yilida (2020) Pentagon xarajatlari 3,4 foizga yetgan.
18 dekabr kuni Bryusselda NATOga a’zo asosiy davlatlar – Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Italiya va Polsha vakillari hamda Alyans Bosh kotibi Mark Ryutte Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muhokamaning muhim mavzusi Donald Tramp Oq uyga qaytganidan keyin Yevropa xavfsizlik siyosatining konturlari bo‘ldi.
O‘z navbatida, Germaniya kansleri Olaf Shols 19 dekabr kuni Trampga telefon qildi. Ushbu suhbatdan so‘ng, Germaniya hukumati rahbari jurnalistlarga "AQSH va Yevropa Ukrainaga yordam berishda davom etishiga to‘liq ishonganini" aytdi.
Vladimir Zelenskiy esa Bryusseldagi Yevropa kengashi yig‘ilishidan keyingi matbuot anjumani chog‘ida Kiyev uchun AQSH va Yevropa Ittifoqidan birgalikda xavfsizlik kafolatlari muhimligini ta’kidladi.
"Yevropa kafolatlari Ukraina uchun yetarli bo‘lmaydi. Buni faqat Yevropa yetakchilari bilan muhokama qilib bo‘lmaydi, chunki biz uchun har qanday holatda ham – bugun ham, kelajakda ham haqiqiy kafolatlar NATOdir, NATO esa AQSH va Yevropa yetakchilarining qaroriga asoslanadi", degan Zelenskiy.