Putin men bilan Ukraina masalasida uchrashishni xohlaydi – Tramp 

Olam

image

AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin u bilan Ukrainadagi urushni muhokama qilish uchun uchrashish istagini bildirganini aytdi. Bu haqda u kecha, 22 dekabr kuni Arizonada o‘z tarafdorlari oldidagi chiqishi chog‘ida so‘z ochdi.

“Prezident Putin men bilan tezroq uchrashishni xohlashini aytdi. Shunday qilib, biz buni kutishimiz kerak, ammo bu urushni tugatishimiz shart, bu dahshatli, dahshatli”, dedi Tramp.

Dekabr oyi boshida Donald Tramp Notr-Dam sobori restavratsiyasidan keyin ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan Parijga tashrifi chog‘ida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashdi, ularga Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham qo‘shildi. Ushbu uch tomonlama muloqot natijasida Tramp Ukrainada “zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish”ga chaqirdi.

Qayd etish joiz, Tramp saylovoldi tashviqoti davomida Oq uyga qaytgach, Ukrainadagi urushni “24 soat ichida” tugatishini bir necha bor ta’kidlagan. Kuzatuvchilar 2025 yil yanvarida AQSH prezidenti lavozimiga kirishgach, Donald Tramp Kiyevga bosim o‘tkazib, uning harbiy yordamini qisqartirishi va shu tariqa ukrainaliklarni Moskva bilan tinchlik muzokaralarini boshlashga majbur qilishi mumkinligidan xavotirda. Shuningdek, Tramp AQSHning amaldagi Prezidenti Jo Bayden ma’muriyatining Vashington yetkazib bergan qurollar bilan Rossiyaga chuqur zarbalar berishga ruxsat berganini bir necha bor tanqid qilgan.

O‘z navbatida, Putin 19 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan katta matbuot anjumanida istalgan vaqtda Tramp bilan gaplashishga va uchrashishga tayyor ekanligini, biroq bunday suhbat qachon bo‘lishi mumkinligini bilmasligini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, “The Washington Post” joriy yilning 7 noyabr kuni AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan norasmiy telefon muloqoti o‘tkazgani va suhbat chog‘ida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi mavzusini ko‘targani haqida yozgan edi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Tramp va Putin telefon orqali muloqot qilgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytdi. Keyinchalik WP Donald Tramp va Vladimir Putin kelasi yili Ukrainadagi vaziyatni muhokama qilish uchun uchrashishini xabar qildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Vladimir Putin Donal'd Tramp Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing