Yangi to‘y mavsumi Hindiston iqtisodiyotini 70 mlrd dollarga boyitadi
Olam
−
12 Oktabr
11667Hindistonda yangi to‘y mavsumi yaqinlashmoqda. Ushbu mavsumda mamlakat bo‘ylab taxminan 4,8 million to‘y bo‘lib o‘tishi kutilmoqda va ular iqtisodiyotga 70 milliard dollar daromad keltirishi mumkin. O‘tgan yili esa 3,5 million to‘y 50,7 milliard dollar daromad keltirgan. Bu haqda “Skift” xabar berdi.
To‘y hindistonliklar hayotidagi eng muhim, har qanday bayram yoki yubileydan ham ahamiyatliroq voqea hisoblanadi. Bolalarining kelajakdagi to‘yi uchun ota-onalar ularning tug‘ilishidanoq tayyorgarlikni boshlaydi, mablag‘ va to‘y jihozlarini yig‘adi. Har qanday ijtimoiy sinf to‘y uchun katta byudjet ajratadi.
CAIT tomonidan o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, taxminan 1 million to‘yning har biri 18 000 dollarga tushishi kutilmoqda. 700 000 to‘yda esa 29 800 dollar atrofida xarajat qilinadi. 50 000 to‘yning har biriga 59 600 dollar atrofida pul sarflanadi va yana shuncha to‘ylarda 120 000 dollar yoki undan ham ko‘p byudjet ajratiladi.
Ma’lumot uchun, Hindistonda to‘y mavsumi odatda hosil yig‘iming yakuni bilan boshlanadi. Bu vaqtda ko‘pchilik mintaqada issiqlikning pasayishi ham ahamiyatli, chunki ommaviy tantanalar odatda ochiq havoda o‘tkaziladi. Bayram uch kun davom etadi va ko‘plab marosimlar, taomlar, qo‘shiqlar va raqslar bilan birga bo‘ladi.
Kuzgi to‘ylar odatda dekabrning o‘rtalarigacha davom etadi. Yangi yildan keyin esa ular yanvarning o‘rtalaridan martgacha o‘tkaziladi. To‘y xarajatlari tantanali liboslar, zar-marjonlar, oziq-ovqatlar, sovg‘alar, to‘yxonani ijaraga olish va uni bezatish, transport, yoritish, musiqa, foto va video xizmatini o‘z ichiga oladi. Yoshlar orasida mashhur bo‘lgan zamonaviy xizmatlardan biri to‘yni ijtimoiy tarmoqlarda yoritish hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonda Anant Ambani va Radhika Merchantning to‘yi munosabati bilan o‘tkazilgan to‘yoldi marosimida afsonaviy “Backstreet Boys”, Jastin Biber, Pitbull, Andrea Bochelli kabi xonandalar chiqish qilgan edi. Unda Jastin Biber 10 mln dollar ishlab topgan.
LiveBarchasi