Yangi Toshkent faqat yangi uy-joy quriladigan hudud emas – Prezident

Jamiyat

−

image

Yangi Toshkent faqat yangi uy-joy quriladigan hudud emas. U yer zamonaviy biznes, ta’lim, tibbiyot, turizm va xizmat ko‘rsatishni o‘ziga jalb etadigan mustaqil iqtisodiy markazga aylanishi kerak. Bu haqda bugun, 12 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investor va tadbirkorlar bilan o‘tkazilayotgan ochiq muloqotda ma’lum qildi.

Davlat rahbari so‘nggi oyda ular bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda bildirilgan takliflar, yer ajratish, ruxsat olish va to‘lovlar bilan bog‘liq muammolar o‘rganilganini ta’kidlagan. 

Uch yil avval boshlangan ushbu loyiha doirasida davlat infratuzilma, stadion, universitet va kutubxona kabi muhim ob’ektlarga yirik mablag‘ yo‘naltirmoqda. Hozirga qadar Yangi Toshkentga 2 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritilgan. Shu bilan birga, qurilishga xususiy sektorni jalb etish sur’atlari mavjud imkoniyatlarga mos emasligi qayd etilgan. 

Yangi shahar uchun jami 20 ming gektar yer ajratilgan. Birinchi bosqichda 6 ming gektar maydonda 50 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Yangi aeroport bilan birga hududning investitsiya salohiyatini 200 milliard dollargacha yetkazish mumkin. 

Hozir ming gektardan ortiq maydonda asosan davlat mablag‘i hisobidan qurilish ketmoqda. Tadbirkorlarga esa bor-yo‘g‘i 94 gektar yer ajratilgan.

“Yangi Toshkent faqat yangi uy-joy quriladigan hudud emas”, deydi Prezident. 

U yer zamonaviy biznes, ta’lim, tibbiyot, turizm va xizmat ko‘rsatishni o‘ziga jalb etadigan mustaqil iqtisodiy markazga aylanishi kerak. Lekin hozirgacha ajratilgan yerlarning uchdan ikki qismi uy-joy loyihalariga to‘g‘ri kelmoqda. 

Investorlarga berilgan 28 ta lotda faol qurilish boshlanmagan. Davlat rahbari buni sarmoyadorlarda mablag‘ yoki xohish yo‘qligi bilan izohlash to‘g‘ri emasligini aytgan. Eskicha talablar, cho‘ziladigan ruxsat jarayonlari va ayrim idoralarning hamkor o‘rniga nazoratchi sifatida ish tutishi loyihalarga to‘siq bo‘lmoqda. 

“Investor esa kutmaydi. U ko‘mak va kafolat sezmasa, mablag‘ini boshqa bozorga yo‘naltiradi”, deydi mamlakat yetakchisi. 

Shu bois, tadbirkorga yer ajratishdan tortib, loyihani ishga tushirishgacha bo‘lgan jarayon qayta ko‘rib chiqilishi zarurligi ta’kidlangan. 

Ayni paytda Yangi Toshkentda yerga talab ortib bormoqda. Bir gektarning o‘rtacha qiymati 2024 yilda 10 milliard so‘mga yetmagan bo‘lsa, hozir 19 milliard so‘mga chiqqan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing