Yangi tizim Yevropa aeroportlarida “xaos”ga sabab bo‘ldi
Olam
−
16 aprel 1471 2 daqiqa
Yevropa mamlakatlari aeroportlarida kirish/chiqish tizimi (EES) to‘liq ishga tushirilgach, chegara nazoratida uzun navbatlar va kechikishlar yuzaga keldi. Tig‘iz vaqtda kutish muddati ikki-uch soatga yetmoqda, ayrim yo‘lovchilar esa reyslariga kechikmoqda. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.
Qayd etilishicha, nosozliklar kamida 15 ta davlatda, jumladan, Fransiya, Germaniya, Ispaniya va Italiyada qayd etilgan. Muammolar tizim 10 aprel kuni to‘liq ishga tushirilishi bilan boshlangan.
EES – bu Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmagan davlatlar fuqarolarini kirish va chiqishini hisobga oluvchi yangi raqamli tizimdir. U pasportlarga muhr bosish o‘rnini egallaydi va biometrik ma’lumotlarni – barmoq izlari hamda yuz suratini yig‘ishni nazarda tutadi.
Aeroportlar va aviakompaniyalar xavf haqida oldindan ogohlantirgan. Amaliyotda bitta yo‘lovchini rasmiylashtirish kutilganidan ancha ko‘p vaqt olmoqda, bu esa nazorat punktlariga ortiqcha yuklama keltirib chiqarmoqda. Qo‘shimcha qiyinchiliklar texnik nosozliklar hamda asbob-uskunalar va xodimlar yetishmovchiligi bilan bog‘liq.
Irlandiyaning Ryanair loukosteri rahbari Maykl O’Liri tizimning joriy etilishini tanqid qilib, yuz berayotgan voqealarni “xaos” deb atagan. Aeroportlar ogohlantirishicha, yoz faslida vaziyat nazoratdan chiqib ketishi mumkin.
Yevropa Komissiyasi esa vaziyatni boshqarib bo‘ladigan deb hisoblamoqda va nosozliklarni tizimning ishga tushish bosqichi bilan bog‘liq vaqtinchalik holat deb atamoqda. U yerdagilarning fikricha, yuklama ortgan ayrim aeroportlarda navbatlarni kamaytirish uchun moslashuvchan choralar ko‘rilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, EES tizimini bosqichma-bosqich joriy etish 2025 yilning kuzida boshlangan. Tizim Ittifoqning tashqi chegaralarida nazoratni kuchaytirish va xorijlik fuqarolarning mamlakatda bo‘lish muddatini hisobga olishni soddalashtirishga qaratilgan.
Live
Barchasi