Yangi takliflar hozir Trampning stolida – Zelenskiy
Olam
−
24 aprel
5081Kecha, 23 aprel kuni Buyuk Britaniya poytaxti Londonda Ukraina, Yevropa mamlakatlari va AQSH vakillari o‘rtasida urushni tugatishga oid yangi takliflar taqdim etildi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga tayanib, RBK Ukraina xabar berdi.
“Londonda uchrashuv bo‘lib o‘tdi. U yerda ular taklif qilgan tegishli strategiya mavjud edi. Bizning jamoamiz, Yevropa vakillari va AQSH delegatsiyasi konstruktiv ravishda gaplashdi va hujjatda tegishli punktlar paydo bo‘ldi”, dedi Ukraina rahbari Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramaposa bilan o‘tkazgan matbuot anjumanida.
Zelenskiy, shuningdek, tinchlik bitimida Ukraina Konstitutsiyasiga qarshi bo‘lgan bandlar bo‘lmasligi kerakligini takrorladi. Unga ko‘ra, takliflar allaqachon AQSH Prezidenti Donald Trampga taqdim etilgan.
“Hozirda bu hujjat Trampning stolida, deb hisoblayman”, dedi Ukraina Prezidenti.
RBK Ukraina manbalariga ko‘ra, bu Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya va Ukraina o‘rtasidagi “umumiy qarashlar”ga asoslangan takliflar bo‘lib, ular AQSHning maxsus vakili Kit Kellogg tomonidan Vashingtonga yetkazilishi zarur bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, kecha, 23 aprel kuni Londonda Ukraina, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va AQSH vakillari o‘rtasida ekspertlar darajasida muzokaralar o‘tkazildi.
Eslatib o‘tamiz, dastlab mazkur uchrashuvga Tashqi ishlar vazirliklarining rahbarlari taklif qilingan edi. Ammo AQSH Davlat kotibi Marko Rubio kutilmaganda Buyuk Britaniyaga tashrif buyurishni rad etdi va Fransiya hamda Germaniya vakillari ham unga ergashdi.
LiveBarchasi