Yangi tahrirdagi “Sudlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi
Jamiyat
−
03 dekabr 2020
3330Oliy sud “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri loyihasini ishlab chiqdi va uni muhokama uchun joylashtirdi.
Qonun loyihasi sudlarning tuzilmasi, tuman (shahar), tumanlararo, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar, Oliy sud, sud hay’atlari, Oliy sud Rayosati va Plenumi vakolatlari doirasini nazarda tutadi.
Hujjatda sudyalik lavozimiga nomzod va sudyaga qo‘yiladigan talablar, shuningdek sudyalarni, sudlarning raislari va rais o‘rinbosarlarini tayinlash (saylash) tartibi batafsil ko‘rib chiqilgan.
Sud tizimida tashkiliy-tarkibiy o‘zgartirishlar sifatida loyiha bilan quyidagilarni tashkil etish nazarda tutilmoqda:
• viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari bo‘yicha alohida sudlov hay’atlarini tashkil etgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish;
• ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlarini tashkil etish, shu munosabat bilan tuman (shahar) ma’muriy sudlarini tugatish, bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari saqlab qolinishi.
Shu bilan birga, loyihada sudyalik vakolatlarini to‘xtatib turish va tugatish asoslari va tartibi, sudyalarning moddiy ta’minoti va ularni ijtimoiy himoyalash choralari ko‘rib chiqiladi.
Qonun loyihasi ko‘p sonli normativ-qonun hujjatlarini unifikatsiyalaydi, u o‘z ichiga 4 ta bo‘lim, 17 ta bob va 111 ta moddani olgan.
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.