Yangi tahrirdagi soliq kodeksi bilan qanday yangiliklar joriy qilinmoqda?

Jamiyat

image

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining  Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingandan keyin Soliq kodeksining yangi tahriri loyihasi ko‘rib chiqildi. 

Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi huzurida deputatlar, parlament quyi palatasining Davlat byudjeti boshqarmasi mutaxassislari, ekspertlar, hukumat va Davlat soliq qo‘mitasi vakillaridan iborat ishchi guruhi tuzildi hamda uning birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.

23 noyabrdan boshlab ish guruhi yig‘ilishlarida loyiha konseptual jihatdan sinchiklab ko‘rib chiqilmoqda. Muhokamalar davomida soliq to‘lovchilar qamrovini optimallashtirish hisobiga soliq yukini kamaytirish, soliq solish tizimini soddalashtirish, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish hamda kodeks normalarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonunlariga zid kelmasligini ta’minlash, ayniqsa, insofli soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xo‘sh, yangi tahrirdagi Soliq kodeksida qanday yangiliklar joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda?

Loyihaga soliq stavkalarini tartibga soluvchi qonunosti hujjatlari qoidalari ham singdirilgan. Hujjatda amaldagi Soliq kodeksining umumiy (soliq ma’muriyatchili masalalari) va maxsus (soliqlarni hisoblash va to‘lashning asosiy qoidalari) qismlarga bo‘linishini ko‘zda tutadigan tizim saqlab qolingan.

Loyihada sakkizta yo‘nalish, shu jumladan, umume’tirof etilgan xalqaro me’yorlar va soliq standartlari, boshqa mamlakatlar tajribasini hisobga olgan ilg‘or, sinovdan o‘tgan usullar, shuningdek, mahalliy va xalqaro ekspertlarning xulosalari inobatga olingan. Qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) va uni hisoblashdagi yangiliklarga alohida e’tibor qaratilgan.

Masalan, amaldagi tartibga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan to‘lanar edi. Kiritilayotgan yangi qoidalarga binoan, O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari mamlakatimiz hududida amalga oshirgan oborotlaridan mustaqil ravishda QQS to‘lovchilari sifatida qatnashadigan tartib o‘rnatilmoqda. Yangi tahrirdagi loyiha bilan, shuningdek, QQS to‘lashga o‘tayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar QQS to‘lovchilari sifatida maxsus ro‘yxatdan o‘tkazilishi taklif etilmoqda.

Amaldagi tartibga ko‘ra, amalda mulkni (xizmatlarni) tekin berish QQSga tortilar edi. Kiritilayotgan yangilikka binoan, endilikda mulkni (xizmatlarni) tekin berish QQSga tortilmaydi (agar tekin berish iqtisodiy asoslangan bo‘lsa). Ya’ni, mulkni (xizmatlarni) beg‘araz ravishda topshirish bo‘yicha QQS to‘lanmaydigan tartib joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, Soliq kodeksining yangi tahrirdagi loyihasida soliq solinadigan baza borasida ham yangilik kiritilmoqda. Unga ko‘ra, soliq solinadigan bazani bozor narxlari asosida aniqlash tartibi joriy etilmoqda.

Bundan tashqari, amaldagi asosiy vositalar bo‘yicha QQS summasi 12 yoki 36 oy ichida hisobga olinishi ko‘zda tutuvchi tartib chiqarib tashlanib, endilikda asosiy vositalar bo‘yicha bir martalik QQS hisobga olinishi joriy etiladi.

Yana bir muhim yangilik shuki, endi nogironlarning jamoat birlashmalari ishtirok etadigan yuridik shaxslar tomonidan sotiladigan tovarlar va xizmatlar qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod qilinadi. Ya’ni, nogironlarning birlashmalari tomonidan ta’sis etilgan korxonalar realizatsiya qiladigan tovarlarni (xizmatlarni) QQSdan ozod qilish taklif etilmoqda.

Loyihada qo‘shimcha qiymat solig‘ini qaytarish tartibi bo‘yicha ham yangiliklar kiritilyapti. Ma’lumki, amaldagi kodeksga binoan, hisobga olinadigan qo‘shimcha qiymat solig‘i summasining hisoblangan soliq summasidan oshib ketsa, QQS bo‘yicha kelgusidagi to‘lovlar hisobiga qoplanar edi. Taklif etilayotgan yangi tartibga ko‘ra, endi soliq to‘lovchilarga QQS bo‘yicha hisobga olingan istalgan ortiqcha to‘lovlarni qaytarish tartibi belgilanmoqda.

Kiritilayotgan yangiliklarga ko‘ra, xorijiy sayyohlar uchun QQS «Tax free» tamoyili asosida qaytariladi. Ya’ni, chet ellik sayyohlar O‘zbekistonda sotib olingan tovarlarga hisoblangan QQSni qaytarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Eng muhimi, qo‘shimcha qiymat solig‘i stavkasi 20 foizdan 15 foizga tushirilgani ham mustahkamlanmoqda.

Umuman, Soliq kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi bilan soliq qonunchiligiga bu kabi ko‘plab yangiliklar tatbiq etilishi nazarda tutilyapti.

Deputatlar muhokamalarga ekspertlar, mutaxassislarni, olimlarni ham jalb etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Soliq kodeksi

Baholaganlar

17

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing