Soliq kodeksiga o‘zgartirish kiritiladi
Jamiyat
−
25 noyabr 2022
13400Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Soliqni hisoblab chiqarish tartibining ayrim qoidalari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.
Qonun loyihasi, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining ayrim moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi 4 ta moddadan iborat. Xususan:
1. 415, 422, 429, 437, 461 va 462 moddalariga o‘zgartirishlar kiritish orqali, 2022 yil 1 iyuldan boshlab tadbirkorlik sub’ektlarining bo‘sh turgan binolari, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari, yashash uchun mo‘ljallanmagan inshootlar, shuningdek tugallanmagan qurilish ob’ektlariga nisbatan qonunchilikda oshirilgan soliq stavkalarini belgilash yo‘li bilan ta’sir choralari qo‘llanilishi bekor qilinmoqda.
2. 424 va 425-moddalariga qo‘shimchalar kiritish orqali, doimiy foydalanish huquqiga ega bo‘lgan davlat organlari, muassasalari va tashkilotlari bilan tuzilgan ijara shartnomasi asosida berilgan yer uchastkalari bo‘yicha ijara to‘lovlar yer solig‘iga tenglashtirilmoqda, shuningdek ushbu yer uchastkalari bo‘yicha soliq to‘lovchi aniqlashtirilmoqda.
3. 483-moddaga quyidagilarni nazarda tutuvchi qo‘shimachalar kiritilmoqda:
a) mamlakatimizning 11 ta viloyatidagi 47 ta sharoiti “og‘ir” bo‘lgan tumanlarida yangidan tashkil etilgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz hamda yuridik shaxslardan olinadigan yer va mol-mulk soliqlari hisoblangan summadan 1 foiz stavkada to‘lanishi belgilanmoqda;
Moliya vazirligi Viloyat hokimliklari bilan birgalikda ularning hududida joylashgan sharoiti “og‘ir” tumanlar ro‘yxati shakllantirdi.
b) 2025 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davrda quyidagilar:
• elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi elektrotexnika tarmoq korxonalariga foyda solig‘ini hisoblashda yangi texnologik uskunalar qiymatining, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va (yoki) texnologik jihatdan qayta jihozlash xarajatlari summalarining 30 foizini birinchi yilda investitsiyaviy chegirma sifatida chegirish huquqini berish;
• elektrotexnika tarmoq korxonalarining ixtisoslashtirilgan markazlariga, ularning ob’ektlari va ular egallagan yer uchastkalari bo‘yicha yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini, mazkur soliqlar bo‘yicha hisoblangan summadan 1 foiz miqdorida, shuningdek ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdoridagi soliq stavkasi bo‘yicha to‘lash nazarda tutilmoqda.
v) 2020 yil 1 yanvardan 2023 yil 1 iyungacha bo‘lgan davrda jismoniy shaxslar uchun Soliq kodeksning 437-moddasi to‘qqizinchi qismida nazarda tutilgan uch karrali stavkada soliq hisoblash tartibini to‘xtatib turish belgilanmoqda.
Loyihaning qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan qo‘shimcha mablag‘lar ajratilishini talab etmaydi, biroq yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin. Ushbu yo‘qotishlar 2023 yil Davlat byudjetida nazarda tutiladi.
LiveBarchasi