Soliq kodeksiga o‘zgartirish kiritilmoqda
Jamiyat
−
15 dekabr 2021
8640Bugun, 15 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama etildi.
Ta’kidlanishicha, Soliq kodeksiga soliq yukini qisqartirish va soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish borasidagi qator yangi normalar kiritilmoqda.
Xususan, qo‘shilgan qiymat solig‘ining (QQS) yaxlit zanjirini ta’minlash hamda mahsulot (xizmatlar) tannarxi va foyda summasini hisoblashda xatoliklarning oldini olish maqsadida byudjet tashkilotlaridan tashqari jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar ham QQS ob’ekti sifatida belgilanmoqda.
Tadbirkorlik sub’ektlarini asosiy vositalar va asbob uskunalarni doimiy yangilashga rag‘batlantirish uchun soliq maqsadlarida asosiy vositalarni qayta tiklashga hisoblanadigan amortizatsiya ajratmalari normalari miqdorlarining oshirilishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, innovatsion hamda ichki va tashqi investitsion faoliyatni rag‘batlantirish maqsadida qo‘shimcha “investitsiyaviy chegirma” normasi kiritilmoqda. Shuningdek, “ilmiy tadqiqotlarga va (yoki) tajriba-konstruktorlik ishlanmalariga doir xarajatlar”ni hisobga olish xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilmoqda.
Shuningdek, faoliyat shaklidan qat’iy nazar soliq to‘lovchilarning barcha toifalari uchun sof foydani soliqqa tortishning yagona shart-sharoitlarini yaratish maqsadida norezidentlarning respublika hududida oladigan dividendlari hamda xorijiy investorlar kiritgan investitsiyalardan dividend va foiz ko‘rinishidagi daromadlaridan soliq to‘lashi tartibi kiritilmoqda.
Qonunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021 yil 13 iyuldagi Farmoni talablaridan kelib chiqib, yosh oila tomonidan olingan ipoteka kreditlari va ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni er-xotin yoki ulardan birining yoshi belgilangan yoshdan oshguniga qadar har bir soliq davri davomida tegishli miqdorda qoplashga yo‘naltirilgan ish haqi va boshqa daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilish nazarda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021 yil 9 avgustdagi qaroriga muvofiq yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun belgilangan imtiyoz qo‘shimcha ravishda ularga davlat tomonidan ajratiladigan uy-joylar bo‘yicha ular 23 yoshga to‘lguniga qadar amal qilishi belgilanib, mol-mulk solig‘idan ozod etilmoqda.
Byudjetga soliq tushumlarining to‘liqligini ta’minlash, mahalliy byudjetlar daromad bazasini oshirish, shuningdek, soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirish maqsadida binolarga mol-mulk solig‘ini hisoblash uchun minimal qiymat belgilash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, soliq ma’muriyatchiligi samaradorligini oshirish, tovar va mahsulot kuzatishning to‘liq tizimini yaratish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlarining oldini olish maqsadida hisobvaraq-faktura yoki nazorat-kassa mashinasi cheklarida xo‘jalik yurituvchi sub’ekt amalga oshiradigan faoliyat turi va xususiyati yoki xarid qilingan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasiga mos kelmaydigan identifikatsiya kodlarini aks ettirish holatlari bo‘yicha jarima belgilanmoqda.
Qonun bilan mulk solig‘i, yer solig‘i stavkalari va imtiyozlari bo‘yicha o‘zgartishlar, foydali qazilmani qazib olish (ajratib olish) hajmi yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq, foydali qazilmalarning ayrim turlariga nisbatan soliq bazasini aniqlashning o‘ziga xos xususiyatlari, foydali qazilmalarni qazib olishda maxsus renta solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lash bo‘yicha qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Senat a’zolari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ma’qullandi.
LiveBarchasi