Soliq kodeksida nazarda tutilgan moliyaviy sanksiyalar miqdorlari kamaytirilmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekiston Soliq kodeksiga fiskal huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun qo‘llaniladigan moliyaviy sanksiyalar kamaytirilishini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda. “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 2271-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi Qonun bugun, 18 may kuni Senatning ellik ikkinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqildi va ma’qullandi.

Kiritilayotgan o‘zgartirishga ko‘ra, soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq javobgarlik yanada liberallashtirilmoqda. Jumladan,  fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni buzish, shuningdek, tovarlarni (mahsulotlarni) ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar tomonidan identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash tartib-qoidalariga oid huquqbuzarliklar birinchi marta sodir etilganda jarima miqdori oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning ikki foizini tashkil etadi.

Mazkur huquqbuzarlik moliyaviy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa, jarima miqdori  yigirma foizni tashkil etishi belgilanmoqda.

Qayd etilishicha, avval tadbirkorlar ushbu qonunbuzilish holati uchun oxirgi hisobot choragida ega bo‘lgan sof tushumni jarima shaklida to‘lashga majbur bo‘lgan. Endilikda fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar uchun qo‘llaniladigan moliyaviy jarima miqdori qariyb 98 foizga qisqartirilmoqda.

Senatorlarning fikricha, mazkur Qonunning qabul qilinishi soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni yanada maqbullashtirishga va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Soliq kodeksi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing