Yangi “schyotchiklar” ko‘p hisoblayotgani rostmi? Savolga qo‘rqitish usuli bilan javob berildi
Jamiyat
−
09 dekabr 2021
19187Ijtimoiy tarmoqlarda yangi elektr xisoblagichlar tokni ko‘p, hatto, 2 baravargacha ko‘p hisoblayotgani haqida video tarqaldi. Ushbu holatga “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ munosabat bildirdi.
“Avvalo ushbu tarqatilayotgan video mutlaqo asossiz va yolg‘on ma’lumotlardan iborat ekanligini qayd etib o‘tish joiz.
Bundan ikki yil avval mazkur videoni tayyorlab, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan shaxsga nisbatan o‘sha vaqtning o‘zidayoq “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan huquq-tartibot organlariga taqdimnoma kiritilib, asossiz ma’lumot tarqatgani uchun tegishli tartibda jazoga tortilgan”, deyiladi munosabatda.
Qayd etilishicha, videoda keltirilgan vajlar asossiz ekanligini isbotlovchi videomaterial tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlar orqali elektr energiyasi iste’molchilariga bu borada tushuntirishlar berilgan.
Bugungacha “aqlli hisoblagich”larning qo‘shib yozishi, texnik nosozligi yuzasidan yuzlab murojaatlar kelib tushgan bo‘lsa-da, energetika sohasidagilardan aniq-tiniq javob bo‘lmagan. Ko‘pincha, masalaga javobgarlikka tortish, yolg‘on axborot tarqatishning oqibatlarini eslatish bilan yechim topilmoqchi bo‘ladi. Ayrim hududlarda esa haqiqatan ham hisoblagichlar nosoz bo‘lib chiqib, qayta almashtirilgan holatlar ham mavjud. Biroq bunday ma’lumotlar OAVga ochiqlanmagan.