Yangi medal va ordenlar ta’sis etildi
Jamiyat
−
24 mart 2020
9344Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘tkazilgani haqida xabar bergan edik. Deputatlar, jumladan, “III va IV darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi, “Sog‘lom avlod uchun” medalini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qonun loyihalarini atroflicha muhokama etdilar.
Ta’kidlanganidek, III va IV darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va ommalashtirish, jismoniy va tibbiy madaniyatni rivojlantirish orqali aholi salomatlik darajasini yuksaltirish, bu borada xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, jismonan sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirishdagi alohida xizmatlari uchun mukofotlanadi. Ushbu ordeni bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham mukofotlanishlari mumkin.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, III darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlangan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari, IV darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlangan shaxslarga esa, bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti beriladi. Shuningdek, mazkur ordenlar bilan mukofotlangan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan boshqa imtiyozlardan ham foydalanadi.
Deputatlarning qayd etishicha, mazkur ordenlar va medalning ta’sis etilishi mamlakatimizda xalqimizning salomatligini saqlash, aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish, sog‘lom avlodni voyaga yetkazishda fidokorona mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishda muhim o‘rin tutadi.
LiveBarchasi