Yangi xavf: g‘ildirakli kompyuterlar odamlarni kuzatmoqda

Olam

image

Zamonaviy avtomobillar endi oddiy transport vositasi emas, balki g‘ildirakli kompyuterlarga aylangan. Ular haydovchilar haqida kutilganidan ancha ko‘proq ma’lumot yig‘ib boryapti va bu jarayon kengayib borayotgani qayd etilmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.

Bugungi kunda avtomobillar foydalanuvchining joylashuvi, harakatlanish yo‘nalishi, haydash uslubi, xavfsizlik kamaridan foydalanish holati, tezlik va tormoz kabi ma’lumotlarni qayd etadi. Ayrim modellarda esa haydovchining yuz ifodasi, tana harakati, hatto biometrik belgilarni kuzatish imkonini beruvchi kameralar ham mavjud.

Mutaxassislar bunday ma’lumotlardan sug‘urta kompaniyalari va turli xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar ham foydalanishini aytadi. Natijada ayrim haydovchilarning sug‘urta to‘lovlari ularning haydash odatlariga qarab o‘zgarishi mumkin.

“Bugungi avtomobillar inson hayotini deyarli uzluksiz kuzatib borish imkoniga ega”, deydi Brukings instituti eksperti Darrell Vest.

Mozilla Foundation’ning 2023 yilgi tahliliga ko‘ra, 25 ta avtomobil brendining hech biri to‘liq maxfiylik standartlariga javob bermagan. Hisobotda avtomobil ishlab chiqaruvchilari foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari – yosh, joylashuv, sog‘liq holati va hatto psixologik xususiyatlarigacha bo‘lgan ma’lumotlarni yig‘ishi mumkinligi qayd etilgan.

Ba’zi kompaniyalar ushbu ma’lumotlarni uchinchi tomonlarga sotishi ham mumkinligi aytiladi. AQSHda ayrim holatlarda avtomobil ma’lumotlari sug‘urta narxlarini oshirishda ham omil bo‘lgani qayd etilgan.

Mutaxassislar fikricha, eng katta muammo – bu foydalanuvchilar ko‘pincha bunday kuzatuvga rozilikni o‘qilmagan shartnomalar orqali bilmasdan berib qo‘yishidir.

“Ko‘pchilik o‘z mashinasi qanday hajmda ma’lumot yig‘ayotganidan bexabar”, deydi maxfiylik bo‘yicha tahlilchi Jen Kaltrider.

Avtomobil sanoatida internetga ulangan transport vositalari ulushi tez sur’atda ortib boryapti. Tahlillarga ko‘ra, yaqin yillarda yangi avtomobillarning deyarli barchasi internetga ulangan tizimlarga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, ayrim davlatlarda haydovchining charchagan yoki mast holatini aniqlash uchun infraqizil kameralar va aqlli tizimlar o‘rnatish rejalashtirilgan. Biroq bu texnologiyalar yig‘adigan ma’lumotlardan foydalanish bo‘yicha aniq tartiblar hali to‘liq shakllanmagan.

Mutaxassislarning ogohlantirishicha, bu jarayon xavfsizlikni oshirishi mumkin, biroq shaxsiy hayotga oid yangi xavflarni ham yuzaga keltiradi.

Zarnigor Xudoyberdiyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

avtomobil Yangi xavf

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing