Yangi qurollar va sanksiyalar. Bayden Kiyevga qanday “sovg‘a”lar bilan keldi?

Olam

image

Avval xabar berganimizdek, bugun, 20 fevral kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden davlat rahbari sifatida ilk bor Kiyevga tashrif buyurdi. U ukrainalik hamkasbi Vladimir Zelenskiy bilan uchrashib, Ukrainaga yana 500 million dollarlik harbiy yordam paketi ajratilishini e’lon qildi va hafta oxirigacha Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni e’lon qilinishi bildirdi. 

20 fevral kuni Ukrainada 2014 yilda Kiyevdagi davlat to‘ntarishida halok bo‘lgan ishtirokchilar xotirasiga bag‘ishlab “Yuzlab samoviy qahramonlar kuni” deb nomlangan bayram nishonlanadi. Bayden va Zelenskiy tegishli yodgorlik joylashgan Mixaylovskaya maydoniga tashrif buyurdilar. 

Baydenning Kiyevga safari e’lon qilinmagan. Avvalroq u 20-22 fevral kunlari Polshaga tashrif buyurishi xabar qilingan, Oq uy esa prezidentning Ukrainaga borish rejalarini rad etgan edi. 

Bugun ertalab Kiyev markazida yo‘llar to‘sib qo‘yildi. Ukraina-Polsha chegarasi uzra osmonda uch nafar Amerika razvedka samolyoti navbatchilik qildi. Kunning ikkinchi yarmida Ukraina Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari va Berlindagi sobiq elchi Andrey Melnik Kiyevning asosiy hamkorlari kelishi kutilayotganini ma’lum qildi.

Toshkent vaqti bilan soat 15:00 atrofida Ukraina ommaviy axborot vositalari Baydenga o‘xshash odamni ko‘rish mumkin bo‘lgan videolarni e’lon qila boshladi. Ko‘p o‘tmay, Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida amerikalik mavqedoshi bilan qo‘shma suratni joylashtirdi, uning idorasi rahbari Andrey Yermak esa Baydenning milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan bilan Mariinskiy saroyida (Ukraina prezidentining qarorgohi) tushgan suratini bo‘lishdi. 

“Politico” gazetasining Kiyev vakiliga tayanib xabar berishicha, tashrif bir hafta ichida tayyorlangan. “The New York Times” gazetasining yozishicha, Bayden Ukraina poytaxtiga Polshadan poyezdda kelgan. 

Yordam va sanksiyalar

Zelenskiy bilan uchrashuvda Bayden Ukrainaga 500 million dollarlik yangi yordam paketi taqdim etilishini ma’lum qildi. Bu haqda “Reuters” yozdi. Bu 21 fevral kuni rasman e’lon qilinadi. 

Yordam paketiga o‘q-dorilar va tankga qarshi tizimlar, jumladan Javelin tizimlari, shuningdek, gaubitsa va radarlar kiradi. Zelenskiy, shuningdek, Amerika Prezidenti bilan uzoq masofaga mo‘ljallangan qurollarni yetkazib berish masalasini ham muhokama qilganini ta’kidladi. 

Qo‘shma Shtatlar shu haftada Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini e’lon qilmoqchi. Bu haqda Oq uy ma’lum qildi. Hafta oxirigacha joriy etilishi kutilayotgan navbatdagi cheklovlar paketi ham Yevropa Ittifoqi tomonidan muhokama qilinmoqda. 

Prezidentning birinchi tashrifi

Bayden ilk bor Ukrainaga Prezident sifatida keldi. Vitse-prezident sifatida u mamlakatga olti marta tashrif buyurgan: 2009, 2014 (uch marta), 2015 va 2017 yillarda. 

Amerika Prezidentining Ukrainaga birinchi tashrifi 1991 yilda, Jorj Bush Kiyevga kelganida sodir bo‘lgan. Uning vorisi Bill Klinton davlat rahbari sifatida respublikaga uch marta (1994, 1995, 2000 yillarda), Jorj Bush 2008 yilda tashrif buyurgan.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Zelenskiy Jo Bayden

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing