Yangi qurilgan karantin zonasidan maxsus reportaj: “hech kim bolam deb yig‘lamasin!”

Jamiyat

Og‘ir yuklarni tashishga mo‘ljallangan konteynerlarga ko‘zingiz tushgani aniq. Xo‘sh, ular bugun koronavirus pandemiyasi davrida karantinga olingan bemorlarni saqlashda as qotayotganidan xabaringiz bormi? Qayerda? Albatta, O‘zbekistonda! 1363 ta konteynerlardan saf tortgan karantin hududiga birgalikda safar qilamiz. 

O‘zbekistonga nisbatan chet davlatlarda, xususan Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya kabi davlatlarda koronavirus kasalligi keng tarqaldi. Mazkur davlatlarda aksar yurtdoshlarimiz muhojir sifatida ishlab, yashab kelishardi. Ushbu mamlakatlarda karantin tizimi joriy qilingach, har xil faktorlar sabab fuqarolarimiz O‘zbekistonga, oilasiga qaytishni afzal ko‘ra boshladi. Lekin ularni olib kelgach, kasallangan yoki yo‘qligini bilish uchun alohida joyda, karantinda vaqtincha saqlash talab qilinadi. Bizda shunday joyning o‘zi bormi? Bo‘lganda qandoq!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i bilan O‘zbekistonda koronavirus aniqlanganidan bir necha kun o‘tib, 22 mart kuni Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani O‘rtasaroy hududida barcha sharoitlarga ega karantin zonasi qurilishiga start berildi. QALAMPIR.UZ ushbu karantin hududida bo‘lib, mavjud sharoitlar bilan tanishdi.  

Karantin zonasining umumiy maydoni sal kam 16 gektarni tashkil qiladi. Hududga 1363 ta konteyner-palatalar joylashtirilgan. U bir vaqtning o‘zida 10 700 kishini qabul qilishga mo‘ljallangan. Qurilish ishlari 22 mart kuni boshlangan bo‘lsa, 26 mart kuniyoq xorijdan kelganlarning birinchi guruhi qabul qilingan. Ulardan kasallik alomatlari aniqlanmaganlariga 9-10 aprel kuni ruxsat berilishi kutilmoqda. 

Bugun, 8 aprel kuni karantin hududidagi so‘nggi qurilish va pardozlash ishlari yakuniga yetkazildi.18 kun davomidagi qurilish ishlarida 3 mingdan ortiq quruvchilar ishtirok etdi. Bu yerdagi sharoitlar haqida esa Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Davron Xidoyatov quyidagicha hikoya qiladi: 

“Karantindagilar qiyimlarini yuvishi uchun kir yuvish xonalari ham mavjud. Bu yerda sanitariya talablari bo‘yicha laboratoriya ham tashkil qilingan. Ular ovqatlanishi uchun bir martalik idishlar beriladi. Idishlar foydalanib bo‘lingach, maxsus pechlarda yoqib yuboriladi. 

Hududdan chiqadigan oqava suvlari to‘planishi va kimyoviy tozalanishi uchun stansiya ham qurilgan. Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida kamera kuzatuvlari joriy qilingan va hudud Mudofa vazirligi va IIV nazoratida. Bu yerdan qochib chiqish yoki u yerga yashirin kirishning imkoni yo‘q. Qo‘riqlash uchun maxsus yo‘laklar qilingan va harbiylar  kun-u tun bu yerda harakatlanadi”, deydi Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari.

Ushbu konteynerli mo‘jaz “mahalla”ning 70 foizi allaqachon chet eldan kelgan fuqarolar bilan to‘lib bo‘lgan. Ularga bugungacha ketring uslubida poytaxt Toshkentdan bir martalik idishlarda taom olib kelingan bo‘lsa, bugun hududning o‘zida 10 ming kishiga 3 mahal taom tayyorlash imkoniyati mavjud bo‘lgan oshxona qurildi.  Bosh muhandis Abdujafar Magdaliyevga ko‘ra, foydalanishga topshirilayotgan oshxona sanitariya talablariga javob beradi. Oshxonaga bir vaqtning o‘zida tonnalab ovqat tayyorlash mumkin bo‘lgan 16 ta katta qozonlar o‘rnatilgan. Oshxonaga yondosh hududda mahsulotlar sifatli saqlanishi uchun muzxona, omborxonalar qurilgan.

“Bemorlarimizga Alloh o‘zi shifoi komil ato etsin. Shunday sharoitlar qilib berayotgan Prezidentimizga katta rahmat. Biz ham ozmi-ko‘pmi o‘z hissamizni qo‘shmoqdamiz. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin, xalqimiz hamisha sog‘-salomat bo‘lsin. Dunyoda biror inson kasal bo‘lmasin, onalar farzandim deb yig‘lamasin”, deya duo qildi oshxonada tozalikka mas’ul bo‘lgan Nuriyaxon Xolmatova.

Karantinga olinganlarning ovqatlari sifati sizni o‘ylantirib qo‘ygani tabiiy. Biz esa bu borada xavotirga berilmadik. Boisi, oshxonaga Toshkentdagi eng taniqli restoranlardan biri bosh oshpazi Abdurahmon Poziljonov boshchilik qilmoqda. Har holda uning restoranida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ham oilasi bilan bilan bir necha bor mehmon bo‘lgan.  

Karantinda saqlanayotgan fuqarolarga shifokorlarning tavsiyalari bo‘yicha 3 mahal bepul oziq-ovqat berilmoqda. Oshxona sanitariya talablari bo‘yicha karantin zonasidan alohida yerda qurilgan. 

Karantin hududidagi konteyner-palatalardan bir nechtasidagi sharoitlarni shaxsan o‘zimiz ko‘zdan kechirdik. Konteyner-palatalarning har biri 4 kishi yashashi uchun mo‘ljallangan. Karantinga olinganlarning har biri uchun alohida poyabzal, sochiq, choyshablar, gigiyenik vositalar mavjud. Vaqtni unumli o‘tkazish uchun televizor, kitob va internet bor. Xonada sovutgich va isitgich, shuningdek, elektr choynak ham bor. Har bir konteynerda issiq va sovuq suv, dush, hojatxona mavjud. Konteynerlarga derazalar o‘rnatilgan. Fuqaralar tashqariga chiqib toza havodan nafas olishi uchun kichik maydonlar ham bor. Bu yerda saqlanayotganlar tashqi muhitdan to‘liq izolyatsiya qilingan.

“2 mart kuni Prezidentimizning tashabbusi bilan mana shu qurilish ishlarini boshlagan edik. O‘zingiz ko‘rganingizdek, deyarli barcha ishlarni tugatmoqdamiz. Insonlar o‘z minnatdorchiligini bildirmoqda. Bunaqa katta qurilish ishlarini uncha-muncha davlatlar ham qilgani yo‘q. Bizning oldimizga karantin hududini sifatli va o‘z vaqtida topshirish vazifasi qo‘yilgan. Biz ham shu ishni vaqtida va sifatli qilib topshirish harakatidamiz”, deydi Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Davron Hidoyatov.

Tasvirga olish ishlarini yakunlab uyga qaytayotganimizda, sovuq tushdi, yomg‘ir yog‘ishni boshladi. Lekin, odamlar ishida davom etarkan, aksincha, konteynerli mahalla chiroqlar bilan yanada yorishdi. Tungi ishchilar guruhi yetib keldi. Yo‘l bo‘yida maxsus qo‘riqlash avtomobillari bilan kelayotgan avtobusga ko‘zimiz tushdi.  Ammo o‘sha yerdagi minglab ishchilar o‘z ishlarini bajarishda davom etardi. Mendan ushbu kasallik xalqqa nima bermoqda deb so‘rashsa, u bizni yanada jipslashtirmoqda deb javob bergan bo‘lardim. 

Hozirgi sharoitda barchamizga qiyin. Xalq va davlat birlashadigan, bir-birini har tomonlama qo‘llashi talab etiladigan davr. Ushbu vaziyatda biz tinmay mehnat qilayotganlarga, chora izlayotgan mansabdorlarimizga qanday yordam berishimiz mumkin? Bunday paytda faqatgina belgilangan tartib-qoidaga amal qilib, uyda qolishimiz hammamiz uchun eng yaxshisi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirusga chalinganlar soni 545 nafarga yetdi. Bugungacha ularning 30 nafari davolangan, 3 nafari vafot etgan.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Jahongir Ortiqxo'jaev Koronavirus Karantin Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

370

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing