Yangi dunyo tartibi Yevropadan boshlanadi – Mark Karni (video)

Olam

image

Kanada Bosh vaziri Mark Karni Yevropa yanada shafqatsiz dunyoga bo‘ysunish o‘rniga, yangi xalqaro tartibni qayta qurish uchun asos bo‘lishi mumkinligini aytdi. U bu fikrini Yevropa Siyosiy Hamjamiyati yig‘ilishidagi bildirgan.

Bosh vazir mazkur uchrashuvda ishtirok etgan birinchi yevropalik bo‘lmagan yetakchi hisoblanadi. Yig‘ilish bugun, 4 may kuni Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi keskinlik va AQSHning NATOga sadoqatiga nisbatan shubhalar kuchaygan bir paytda bo‘lib o‘tdi.

“Biz o‘zimizni yopiq, faqat manfaatga asoslangan va shafqatsiz dunyoga bo‘ysunishga mahkum deb hisoblamaymiz. Bunday uchrashuvlar oldinga yaxshiroq yo‘l borligini ko‘rsatadi. Mening fikrimcha, xalqaro tartib qayta quriladi, lekin u Yevropadan boshlanadi”, degan u Kanada nega Yevropa siyosiy maydonida ishtirok etyotganini tushuntirgan holda, AQSH yetakchiligi davri yakunlanayotganiga ishora qilib.

Yevropa Siyosiy hamjamiyatining sakkizinchi sammiti Armaniston poytaxti Yerevanda o‘tkazilmoqda. Bu joy tanlanishi Yevropaning Kavkazdagi kichik davlatni Rossiya ta’siriga qaytib ketishdan saqlashga intilishini ko‘rsatadi. Yig‘ilish AQSH Prezidenti Donald Trampning Germaniyadan 5 mingdan ortiq harbiyni olib chiqish haqidagi qaroridan keyin o‘tkazilmoqda. Bu Yevropa davlatlarining transatlantik ittifoq ishonchliligi haqidagi xavotirlarini kuchaytirdi.

“Biz ishonib kelgan ba’zi ittifoqlarimiz hozir kerakli darajada emas. Ittifoqlarda keragidan ortiq taranglik bor”, deydi Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer.

Uning aytishicha, bu vaziyatga qanday javob berilishi kelgusi yillar, hatto butun bir avlod kelajagini belgilab berishi mumkin.

Fransiya Prezidenti Emmanuyel Makron AQSHni tilga olmasdan, Yevropaning ishonchliligiga urg‘u bergan. Uning fikricha, aynan shu barqarorlik Yevropani Osiyo, Fors ko‘rfazi, Lotin Amerikasi va Afrika uchun yaqinlashtirishi mumkin. Makron Yevropa muhim resurslar, jumladan, minerallar bo‘yicha boshqalarga qaram bo‘lib qolmasligi uchun xavflarni kamaytirish strategiyasini kuchaytirish kerakligini ta’kidlagan.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Rossiya uchun yoz muhim bosqich bo‘lishini, urushni kengaytirish yoki diplomatiyaga o‘tish masalasi hal bo‘lishini ma’lum qilgan. Uning ta’kidlashicha, Rossiya urushni tugatmasa, sanksiyalar saqlanishi kerak.

YeI tashqi siyosat rahbari Kaya Kallas AQSH qo‘shinlarini Yevropadan chiqarish haqida gaplar avval ham bo‘lganini, ammo bu qarorning aynan hozir e’lon qilinishi kutilmaganini aytgan. U shuningdek, NATOda Yevropa rolini kuchaytirish zarurligini ta’kidlab o‘tgan. Germaniya kansleri Fridrix Mers esa Yerevandagi sammitda ishtirok etmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius AQSH Prezidentining mamlakatdan 5 mingga yaqin amerikalik harbiyni olib chiqib ketish haqidagi qaroriga munosabat bildirgan edi.

Oybek Rustamov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Evropa Kanada

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing