“Yangi davr”. Britaniyada terroristik xavflar kuchaymoqda

Olam

image

Buyuk Britaniyada davlatga dushman bo‘lgan xorijiy hukumatlar manfaatlariga ishlashi mumkin bo‘lgan shaxslar bo‘yicha olib borilayotgan tergovlar soni o‘tgan yilga nisbatan 35 foizga oshgan. Bu haqda ichki xavfsizlik xizmati – MI5 rahbari Ken MakKollum kecha, 16 oktyabr kuni tahdidlarga bag‘ishlangan yillik ma’ruzasida ma’lum qildi

“Dunyo tobora dushmanona tus olmoqda va bu 11 sentyabrdan beri MI5 missiyasidagi eng yirik o‘zgarishlarga olib kelmoqda. Jamoalarimiz hozir deyarli rekord darajadagi surishtiruv ishlarini olib bormoqda”, dedi u.

Ma’ruzaning boshida MakKollum bu oy boshida Manchesterdagi sinagogada sodir etilgan, ISHID bilan bog‘liq terraktda halok bo‘lgan ikki kishining yaqinlariga hamdardlik bildirdi. U terrorizm xavfining umumiy ko‘lami katta ekanini ta’kidlab, davlat aktorlari bilan bir qatorda, turli mafkuralarga ega terroristlardan kelayotgan xavflar ham qo‘shilib, “yangi davr”ga kirilganini aytdi.

So‘nggi yillarda Britaniyada shpionaj va sabotaj bilan bog‘liq bir qator hodisalar kuzatildi – parlamentni nishonga olgan Xitoy ta’sir operatsiyalaridan tortib – Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi omborlarga qarshi Rossiya tomonidan yo‘llangan yong‘in chiqarishga urinishlarigacha. MakKollum shuningdek, o‘tgan yil davomida “Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan 20 dan ortiq ehtimoliy o‘limli suiqasd rejalari” oldi olinganini bildirdi.

Davlat xavflari oshmoqda

“Davlat surishtiruvlari soni o‘smoqda... o‘tgan yilda biz davlat tahdidi faoliyatida gumon qilinayotgan shaxslar sonini 35 foizga ko‘paytirdik”, dedi u va bu shaxslar xorijdan emas, balki Britaniya hududida faoliyat yuritishini qayd etdi.

MakKollum ta’riflagan davlat tahdidlari, asosan, Rossiya, Xitoy va Eron uchligiga borib taqaladi.

“Bu faoliyatlar o‘ta xavfli... ba’zilari yong‘in chiqarish, ba’zilari sabotaj, ba’zilari esa muayyan shaxslar haqida detalli ma’lumot yig‘ish bilan bog‘liq. Buning yagona maqsadi – kimnidir nishonga olish va ehtimol o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan qarshi harakatlarni amalga oshirishdir”, dedi u Rossiya taxdidi xususida so‘ralganda.

Joriy yil may oyida 47 yoshli Orlin Rusev Londonda Rossiya uchun shpionaj qilgan guruhga rahbarlik qilganlikda ayblanib, deyarli 11 yilga qamaldi. Yana besh nafar shaxs jurnalistlar, muxolifat va Germaniyadagi AQSH harbiy bazasida tayyorlanyotgan ukrain askarlari haqida ma’lumot yig‘gani uchun jami 40 yilga yaqin qamoq jazosiga hukm qilindi. Prokuraturaning aytishicha, ular moliyaviy manfaat uchun ishlagan, to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya razvedkasiga bog‘liq bo‘lmagan.

MakKollum ikki bor Rossiya “vositalari” o‘z ishlari uchun haq ham olmasligi mumkinligini tilga oldi, biroq tafsilotlarni ochiqlamadi:

“Men qonuniy jihatdan shundi deyishim mumkin: Buyuk Britaniyada Rossiya razvedkasi uchun ishlash – yaxshi kasb tanlovi emas”, dedi u.

Kelajak tahdidlarida sun’iy intellektning o‘rni

U, shuningdek, sun’iy intellekt kelajakda qanday xavflar tug‘dirishi mumkinligiga to‘xtalib, terrorchilar allaqachon undan targ‘ibot, qurol izlanishi va nishon aniqlashda foydalanishga urinayotganini aytdi.

Biroq u shov-shuv va vahimadan saqlanishni ham maslahat berdi, chunki sun’iy intellekt umuman olganda taxdidlarni aniqlashda katta foyda keltirishi mumkinligini ta’kidladi.

“Men Gollivud ssenariylarini bashorat qilmayapman. Sun’iy intellekt bizga qasd qiladi demayapman. Lekin uning zarar yetkazish ehtimolini inkor etib bo‘lmaydi – bu juda ehtiyotkorlik bilan yondashishni talab qiladi”, dedi u.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya MI5 Ken MakKollum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing