Yangi aviakompaniyalar kirib keladi, “Uzbekistan Airways” xorijiy kompaniyaga beriladi – Prezident yig‘ilish o‘tkazdi
Jamiyat
−
25 may 2020
10869O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 25 may kuni transport sohasining barqaror ishlashini ta’minlash va izchil rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Koronavirus pandemiyasi oqibatida butun dunyoda transport aloqalari deyarli to‘xtab qoldi. Sohadagi kompaniyalar bundan jiddiy zarar ko‘rmoqda. Masalan, birgina aviatsiya tarmog‘ida joriy yil yakunigacha dunyo bo‘yicha 113 milliard dollar yo‘qotilishi taxmin qilinmoqda.
Mamlakat transport korxonalari karantin cheklovlari sababli hozirgacha 340 milliard so‘m zarar ko‘rgan. Epidemiologik vaziyat barqarorlashguncha bu raqamlar yana oshishi aniq.
Shu bois, sohada pandemiyaning ta’sirini yumshatish, korxonalarni iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator choralar ko‘rilmoqda. Masalan, karantindan eng ko‘p zarar ko‘radigan “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyatlarining 122 million dollar kreditlari to‘lov muddatlari uzaytirildi, 60 milliard so‘mlik soliq imtiyozlari taqdim etildi. Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 50 million dollar miqdorida aylanma mablag‘ sifatida foizsiz ssudalar ajratildi.
Yig‘ilishda yangicha sharoit va talablar asosida transport sohasining barqaror ishlashini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Transport vazirligiga “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyatlarini pandemiya ta’siridan olib chiqish bo‘yicha biznes model ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Yevropa-Xitoy yo‘nalishida yuk tashish bozoriga kirish orqali qo‘shimcha daromad olish, joriy va investitsiyaviy xarajatlarni optimallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Raqobatni kuchaytirish uchun fuqaro aviatsiyasi bozoriga yangi tashuvchilarni jalb qilish, “Uzbekistan Airways”ni nufuzli xorijiy kompaniya boshqaruviga berish masalasi ko‘rib chiqildi.
Aeroportlarni modernizatsiya qilish, Andijon, Buxoro, Urganch va Qarshi xalqaro aeroportlarini davlat-xususiy sheriklikka berish bo‘yicha tender e’lon qilinishi belgilandi.
Pandemiya davrida temir yo‘l orqali yuk tashishga talab keskin ko‘paygan. Xususan, xalqaro yuk tashuvlarida temir yo‘lning ulushi 75 foizdan 87 foizga oshdi. Bu xizmatlar sifatini yaxshilash va tannarxni tushirish orqali mijozlarni ko‘paytirish uchun yaxshi imkoniyat.
Lekin, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tizimida asosiy vositalarning eskirgani, jamiyat tarkibida nosohaviy aktivlarning ko‘pligi asosiy faoliyatni rivojlantirishga to‘sqinlik qilmoqda.
Shu bois, “O‘zbekiston temir yo‘llari” tarkibidagi nosohaviy korxonalarni optimallashtirish, tariflarni shakllantirish mexanizmlarini takomillashtirish, vagon va lokomotiv parkini yangilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda avtotransportda xalqaro yuk tashuvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham e’tibor qaratildi.
So‘nggi uch yildagi islohotlar natijasida mamlakatda xalqaro yuk tashuvchi transportlar soni 3 baravar oshdi, yuklarni tashishda mahalliy korxonalarning tashqi savdodagi ulushi 37 foizdan 48 foizga yetdi.
Mahalliy tashuvchilarning qatnovlar sonini yanada oshirish, tashqi savdoda ularning ulushini 60 foizga yetkazish chora-tadbirlari belgilandi. Bitta yuk transporti besh nafargacha aholi bandligini ta’minlashi, bu tarmoqda 30 mingta yangi ish o‘rni yaratish mumkinligi ta’kidlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda ichki yo‘nalishlarda qatnaydigan avtobuslarni yangilash, bunday korxonalarni barqaror moliyaviy resurs bilan ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Davlat rahbari ichki yo‘llar masalasiga alohida to‘xtalib, ularning holati yomonligi, odamlar bundan norozi ekanini qayd etdi. 80 ming kilometr ichki yo‘llarni rekonstruksiya qilish, bu borada butun dunyoda qo‘llanib kelinayotgan “foydalanuvchi to‘laydi” tizimini joriy etish zarurligi ta’kidlandi.
“Qamchiq” dovonida muqobil tunnel qurilishini o‘z ichiga oluvchi “Toshkent-Andijon” pullik avtomobil yo‘li loyihasi bo‘yicha tender e’lon qilinishi belgilandi.
LiveBarchasi