“Yangi Andijon” shaharchasini barpo etish uchun 100 mln dollar ajratiladi

Jamiyat

−

image

Andijon shahridagi “Yangi Andijon” shaharchasini barpo etish uchun 100 million dollar miqdorida mablag‘ ajratiladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining “Yangi Andijon” shaharchasini barpo etish va Andijon viloyatida tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.

Andijon viloyatida ijtimoiy-iqtisodiy va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini hamda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan quyidagi mablag‘lar ajratiladi:

“Yangi Andijon” shaharchasini barpo etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga markazlashgan investitsiyalarni oshirish hisobiga qaytarib bermaslik sharti bilan — 100 million dollar ekvivalentida, shundan:

  • 25 million dollar ekvivalentidagi mablag‘lar — ijtimoiy soha ob’ektlarini qurishga, shu jumladan Andijon tibbiyot instituti ob’ektlari uchun;
  • 15 million dollar ekvivalentidagi mablag‘lar — yo‘l o‘tkazgichini va yo‘l infratuzilma ob’ektlarini barpo etishga;
  • 60 million dollar ekvivalentidagi mablag‘lar — kommunikatsiya tarmoqlari, muhandislik infratuzilmasini yaratishga, loyihalashtirish ishlariga, qurilish ishlarini nazorat qilish, boshqarish va boshqa xarajatlarga;

Andijon viloyatida kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish uchun — 80 million dollar ekvivalentida tijorat banklariga, shundan:

  • 40 million dollar ekvivalentidagi mablag‘lar 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga 7 foiz stavkasida — teng ulushda “O‘zsanoatqurilishbank” va “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat banklari orqali 200 ta mahallada kooperatsiya asosida kichik biznesni va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida biriktirilgan «yetakchi» tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga;
  • 40 million dollar ekvivalentidagi mablag‘lar 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga 11 foiz stavkasida — “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki orqali issiqxona massivlarini barpo etish va aholi xonadonlarida issiqxonalar tashkil etishni moliyalashtirishga;
  • kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadlari, shu jumladan bank kreditlari bo‘yicha kafilliklar berish uchun Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi resurs bazasini oshirish hamda Xonobod shahrida ijtimoiy-iqtisodiy va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini barpo etish tadbirlarini moliyalashtirish uchun Davlat byudjetiga qaytarib bermaslik sharti bilan — 20 million dollar ekvivalentida.

 
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va joriy yilning 21 iyunidan kuchga kirdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

36

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing