Yana janjal, yana to‘polon

Sport

Futbol ehtirosli, emotsiyalarga boy o‘yin. Futbolda janjallar, to‘qnashuvlar va mushtlashuvlarning sodir bo‘lishi bir tarafdan normal holatga aylanib ulgurgan. So‘ngi yillarda o‘zbek futbolida janjal va mushtalshuvlarning ko‘paygani bor gap. To‘g‘ri, bu bir tarafdan o‘yindagi temp yuqori bo‘lganidan, shuningdek, jangovar bahslarning ko‘payib borayotganidan dalolat beradi, lekin janjallar futbolchilarda va umuman futbolga dahldor insonlarning futbol etikasidan yaxshi xabardor emasligini va raqibga bo‘lgan hurmatning passivligini ham ko‘rsatadi. Bir narsani ta’kidlash joizki, bir vaqtlar shiddatli “El-Klasiko”larda daxanaki jangga kirishgan futbolchilar o‘yin yakunlanganidan so‘ng qo‘l tashlashib, bir-birlariga hurmat izhor qilgan paytlari ham ko‘p bo‘lgan. Boz ustiga ularning aksariyati bitta milliy terma jamoa sharafini himoya qilgan.

Kuni kecha, O‘zbekiston chempionati 6-turidan o‘rin olgan “Bunyodkor” — “Nasaf” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bahs haqiqatdan ham shiddatli ruhda kechdi. Futbolda bo‘lishi kerak bo‘lgan deyarli barcha epizodlar mazkur bahsda kuzatildi. Qizil kartochka, gollar, tortishuvlar VAR bilan bog‘liq holat – barcha-barchasi. O‘yindan keyingi ommaviy mushtlashuv esa OAVning asosiy mavzusiga aylandi.

Xo‘sh, janjal nimadan kelib chiqdi?

Bahsdan so‘ng mehmonlar jamoasi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyevning ta’kidlashicha, janjal kelib chiqishiga “Bunyodkor” a’zosi Davron Ergashevning Qarshi jamoasi futbolchilariga qiliq qilgani sabab bo‘lgan.

“Yigitlar o‘yindan so‘ng hakam bilan suhbatlashib, sekin maydonni tark etayotgandi. Biz ham bir chetda turgandik. Ergashev bizning o‘yinchilarga qiliq ko‘rsatdi. Bu futbolchiga yarashmasdi. Men oldiga borib, unga dakki berdim. Unda bunday holat birinchisi emasdi. Litsenziyamni olib qo‘yishar emish. Mayli, olaverishsin. Bu qo‘rqinchli emas. Lekin bu holat adolatdan emas”, deydi Berdiyev.

O‘yindan keyingi matbuot anjumani “Bunyodkor” ustozi ham holatga izoh berdi.

“O‘yin so‘nggida bo‘lgan jarayonlarni endi ko‘rib chiqamiz. Hozir hamma hissiyotga berilgan. Biz o‘sha vaziyat sodir bo‘lgan joyda emasdik. Buni ko‘rib chiqamiz. Bir tomonlama xulosa chiqarish noto‘g‘ri. Shu sababli, aniq nimadir deya olmayman”, deydi “qaldirg‘ochlar” ustozi Murod Otajonov.

Futbol jurnalisti Faxriddin Ro‘ziyevning ma’lum qilishicha, janjal kelib chiqishiga sababchi deyilayotgan Davron Ergashev va “Nasaf” ustozi Ro‘ziqul Berdiyevning litsenziyasi tartib-intizom qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishigacha olib qo‘yiladi.

O‘FAning ma’lum qilishicha, Superliganing 6-turdan o‘rin olgan “Bunyodkor” – “Nasaf” (1:1) uchrashuvi tugagach, ikki jamoa vakillari o‘rtasida yuzaga kelgan vaziyat tartib-intizom qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqiladi. 

Hozirda O‘FA va O‘zPFL mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tomonidan mavjud videomateriallar hamda uchrashuv rasmiylari hisoboti o‘rganib chiqilmoqda. 

Barcha ma’lumot va materiallar tartib-intizom qo‘mitasiga taqdim etiladi. Aybdorlar aniqlanib, ularga nisbatan o‘rnatilgan tartibda chora ko‘riladi.


Maqola muallifi

Teglar

Futbol Nasaf Bunyodkor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing