Yana TikTok. U blokdan chiqarildimi?

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqda TikTok’ning blokdan chiqarilgani, VPN’siz ham ishlayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holatga oydinlik kiritish uchun QALAMPIR.UZ nashri Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi Matbuot kotibi Akbar Siddiqov bilan bog‘landi.

Akbar Siddiqovning ta’kidlashicha, TikTok ijtimoiy tarmog‘idan foydalanish uchun hamon cheklovlar mavjud bo‘lib, u blokdan chiqarilmagan.

“TikTok hamon Davlat personallashtirish markazi yuritadigan “Shaxsga doir ma’lumotlar sub’ektlari huquqlarini buzuvchilar reyestri”da turibdi. Bu esa uning blokdan yechilmaganini bildiradi. Qachon u reyestrdan chiqarilsa, shunda blokdan chiqarilgan bo‘ladi”, deydi Akbar Siddiqov.

Avvalroq, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov TikTok kompaniyasining vitse-prezidenti doktor Teo Bertram va kompaniyaning mas’ul xodimlari bilan onlayn uchrashuv o‘tkazganini, unda TikTok ma’muriyati dasturga o‘zbek tilini ham kiritishi mumkinligini bildirganini aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zkomnazorat” joriy yilning 2 iyulidan boshlab TikTok, Twitter, Skype, WeChat va Vkontakte tarmoqlariga cheklov qo‘ygan edi. Cheklovga mazkur tarmoqlar O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga oid ma’lumotlarini O‘zbekiston hududida joylashgan serverlarda saqlamayotgani vaj qilib ko‘rsatilgan.

Shuningdek, joriy yilning 3 noyabr kuni “Moy Mir”, “Odnoklassniki”, “Youtube”, “Facebook”, “Telegram”, “Instagram” va “LinkedIn” kabi messenjer va ijtimoiy tarmoqlar faoliyatiga ham cheklov qo‘yildi. Ammo, oradan ko‘p o‘tmay, ushbu tarmoqlar faoliyatiga qo‘yilgan cheklov rasman bekor qilindi.

Cheklovni o‘rnatgan tashkilot Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi rahbari G‘olibsher Ziyayev Bosh vazir qarori bilan egallab turgan lavozimidan ozod qilindi

4 noyabr kuni esa mazkur voqea ortidan  Bosh vazir maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i Olimjon Umarov hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov ham egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

219

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing