Yana ikki viloyatda 20 nafardan ortiq bemor koronavirusdan sog‘aydi

Jamiyat

image

Xorazm va Andijon viloyatida jami 21 nafar bemor koronavirus kasalligidan butkul sog‘aydi. Bu haqda bugun, 6 may kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

“Shu soatlarda yurtimizning yana ikki hududidan: Xorazm viloyatida 14 nafar, Andijon viloyatida 7 nafar, jami 21 nafar bemor butunlay sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatildi“, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, Xorazmda tuzalganlarning barchasi Rossiyadan charter reys bilan olib kelingan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, shifoxonaga joylashtirilgan. Hududlar kesimida oladigan bo‘lsak, Namangan va Samarqand viloyatlaridan 3 nafardan, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahridan 2 nafardan, Buxoro va Jizzax viloyatlaridan 1 nafardan. Ularning 11 nafari erkak, 3 nafari ayol bo‘lib, eng yoshi kattasi 81 yoshli otaxon bo‘lsa, eng yoshi kichigi 16 yosh. Viloyatda shu paytga qadar 153 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 167 nafarga yetdi.

Shuningdek, Andijonda darddan forig‘ bo‘lganlarning barchasi ushbu viloyatdan (5 nafari Andijon shahridan, 2 nafari Xo‘jaobod tumanidan) bo‘lib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan. Ularning 5 nafari erkak, 2 nafari ayol bo‘lib, eng yoshi kattasi 53 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 15 yoshda. Viloyatda shu paytga qadar 126 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 133 nafarga yetdi.

Shunday qilib, bugunning o‘zida 76 nafar bemor tuzalib, mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar 1577 nafarni tashkil etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Hozirgacha virus yuqtirganlar 2231 nafarni tashkil qilyapti. Bugungacha bemorlarning 10 nafari vafot etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

158

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing