Yana bir xonanda shoir Behzod Fazliddinga tovon to‘laydi
Jamiyat
−
28 aprel 2023
17854O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Behzod Fazliddinning she’rini hech qanday ruxsatsiz kuylagani uchun xonanda A.Shermatov jarimaga tortildi. Bu haqda Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Behzod Fazliddin qo‘shiqchi uning “Ayyor do‘stlarim” she’ridan foydalanib, qo‘shiq aytgani uchun unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni, mualliflik huquqini himoya qilishni so‘rab murojaat qilgan.
Shoirning murojaati boshqarma tomonidan tegishli tartibda o‘rganib chiqilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudining qaroriga asosan, xonanda A.Shermatovning mualliflik huquqbuzarligini sodir etganligi tasdiqlanib, unga nisbatan ma’muriy jarima jazosi tayinlangan.
“Shoir Behzod Fazliddin foydasiga Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining hal qilish qarori e’lon qilindi. Unga ko‘ra, xonandadan shoir foydasiga bazaviy hisoblash miqdorining 100 barobari, ya’ni 30 mln so‘m tovon puli undiriladigan bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Behzod Fazliddinning aynan ushbu she’ri asosida xonanda Jaloliddin Ahmadaliyevga ham 26 million so‘mlik tovon pulini to‘lab berish va “Ayyor do‘stlarim” nomli qo‘shiqni ijtimoiy tarmoqlardan olib tashlash majburiyati yuklatilgan edi. Mazkur tovon puli shoir-muallif foydasiga undirib berilgan.
LiveBarchasi