Shoir va tarjimon Yo‘ldosh Eshbekka 3 xonali uy berildi

Jamiyat

image

Prezident topshirig‘i bilan shoir va tarjimon Yo‘ldosh Eshbekka Toshkent shahridan 3 xonali uy berildi. Bu haqda Yozuvchilar uyushmasi xabar berdi.

“Prezident topshirig‘i bilan o‘zbek adabiyoti rivoji va targ‘ibiga katta hissa qo‘shgan ijodkor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir va tarjimon, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Yo‘ldosh Eshbekka Yashnobod tumani Izzat ko‘chasidan uch xonali kvartira berildi”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, xonadon kalitini shoirga Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov topshirgan.

Qayd etish joiz, 2025 yilning aprelida shoirning og‘ir sharoitda yashayotgani jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan edi. Buning ortidan xayriya tadbirlari ham o‘tkazilgandi. Keyinroq Prezident topshirig‘i bilan shoirga uy berilishi ma’lum bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, Yo‘ldosh Eshbek 1950 yilda Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida tug‘ilgan. 1977 yilda Toshkent davlat universitetining Filologiya fakultetini tamomlagan. Shoirning ilk she’rlari 1978 yilda “Guliston” jurnalida e’lon qilingan. Ilk she’riy to‘plami 1981 yilda “Sog‘inib yashayman” nomi ostida nashrdan chiqqan. Keyinchalik birin-ketin 1985 yilda “Yuksak daraxtlar”, 1987 yilda “Moviy turnalar”, 1988 yilda “Yaxshilikka qarayman”, 1989 yil “Daraxtlar ertagi”, 1990 yil “Hayot chechagi”, 1991 yil “Mangu masofa”, 2018 yil “Qizg‘aldoqlar ochildi”, 2019 yil “Yig‘layotgan qiz”, 2020 yil “Ko‘zlari ko‘zguligim”, 2021 yil “Vatan nedir?” kabi she’riy to‘plamlari nashr qilingan. SSSR davri yillarida yozilgan “Oygulginam”, “Qadim ohanglar” (“Qo‘sh hayda”), “Qo‘shig‘ing” (“Biz baxtiyor bo‘lgaymiz xo‘p”), “Boychibor“, “Xabar” (“Alpomish” dostonini o‘qib), “Alpomish”, “Tohir” kabi necha o‘nlab she’rlari ozodlik, erkinlikka bag‘ishlangan. Yo‘ldosh Eshbek tarjima sohasida ham salmoqli ishlar qilgan bo‘lib, Imom G‘azzoliyning “Ey farzand”, Ahmad Lutfiy Qozonchining “O‘gay ona”, “Hazrati Ali”, Fotima Temurning “Ko‘ngil do‘stlari”, “Tazkirat ul-avliyo”, Amina Shenlikog‘luning “Vijdon azobi” hamda O‘ljas Sulaymonning “Sopol kitob” va boshqa adiblarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 1998 yilda shoir „Shuhrat“ medali bilan taqdirlangan. 2023 yil O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 32 yil to‘lishi arafasida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi unvoni bilan taqdirlangan.


Maqola muallifi

Teglar

shoir tarjimon Yo'ldosh Eshbek

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing