Yana bir qancha o‘zbekistonliklar koronavirusdan shifo topdi
Jamiyat
−
21 aprel 2020
5879Buxoro va Xorazm viloyatlarida 19 nafar bemor koronavirus kasalligidan tuzaldi. Bu haqda bugun, 21 aprel kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
“Matonat bilan koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashayotgan tibbiyot xodimlarining navbatdagi g‘alabasi: Buxoro viloyatidan yana 15 nafar, Xorazm viloyatidan esa 4 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor butkul sog‘aydi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi“, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, Buxoroda shifo topganlarning 7 nafari Rossiyadan, 4 esa Turkiyadan charter reyslar orqali viloyatga olib kelingan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. Ulardan 11 nafari erkak, 4 nafari ayol.
Bemorlarning 6 nafari Toshkent shahridan, 3 nafari Buxoro va 2 nafari Surxondaryo viloyatidan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Andijon va Sirdaryo viloyatlaridan 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 54 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 16 yoshda. Buxoro viloyati bo‘yicha shu paytga qadar 68 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 83 nafarga yetgan.
Shuningdek, Xorazm viloyatida tuzalganlarning barchasi Rossiyadan charter reys bilan kelishgan, koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. Ulardan 3 nafari ayol, 1 nafari erkak bo‘lib, 2 nafari Buxoro viloyatidan, Samarqand va Andijon viloyatlaridan esa 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 45 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 27 yoshda. Xorazm viloyatidan ayni paytga qadar 10 nafar bemor butkul sog‘aygan.
Shu bilan, mamlakatda koronavirusdan tuzalganlar soni 293 nafarga yetdi.
LiveBarchasi