Yana Aqto‘be, yana avtobus... Ichida o‘zbekistonliklar bo‘lgan avtobus ag‘darilib ketdi

Jamiyat

image

Chimkent-Yekaterinburg yo‘nalishida harakatlanayotgan avtobus YTHga uchrab, ag‘darilib ketdi. Mazkur avtobus ichida 14 nafar o‘zbekistonlik bo‘lgan. Bu xabarni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tasdiqlamoqda.  

O‘zbekistonning Aqtau shahridagi (Qozog‘iston) Bosh konsulxonasi joriy yilning 26 fevral kuni Chimkent-Yekaterinburg  yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan va yo‘lovchilari orasida 14 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan avtobus Aqto‘be viloyati hududida ag‘darilib ketgani to‘g‘risidagi xabarni tasdiqladi. 

Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan, tibbiy yordamga ehtiyoj sezilmagan. Qozog‘istonning yo‘l politsiyasi va favqulodda vaziyatlar bo‘yicha organlari xodimlarining yordami bilan yo‘lovchilar evakuatsiya qilingan. Avtobusga texnik xizmat ko‘rsatilgan va yo‘nalishini davom ettirgan.   

TIV Konsullik-huquqiy departamenti yana bir bor O‘zbekiston fuqarolari e’tiborini avtobuslarda yoki avtomobil transportining boshqa turlarida qishgi vaqtda Qozog‘istonga kirishda yoki uning hududidan o‘tishda ehtimoliy xatarlarni hisobga olish va tegishli choralar ko‘rish zarurligiga qaratmoqda.  

Qozog‘iston hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari, jumladan tranzit bilan boshqa davlatga o‘tayotganlar, zarur hollarda O‘zbekistonning Nur-Sulton shahridagi Elchixonasiga (tel.: +7-717-295-45-87, +7-777-218-20-10), Aqtau shahridagi Bosh konsulxonaga (tel.: +7-29-277-71-17, +7-777-599-00-50, +7-777-599-00-51), Olmaota shahridagi Bosh konsulxonaga (tel.: +7-727-299-20-70, +7-727-390-26-16) murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tamiz.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning 18 yanvar kuni aynan YTH sodir bo‘lgan hududda 52 o‘zbekistonlik avtobus ichida yonib ketgan edi. Hodisa Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati Irg‘iz tumanida sodir bo‘lgan. Fojia sabab avtobusdagi 55 yo‘lovchidan 52 kishi halok bo‘lgandi. Ularning barchasi Rossiyaga ish izlab yo‘lga chiqqan O‘zbekiston fuqarolari edi. Unda Namangan viloyatidan 31 nafar, Farg‘ona viloyatidan 16 nafar, Andijon viloyatidan 2 nafar, Toshkent shahridan 2 nafar hamda Surxondaryo viloyatidan bir nafar fuqaro hayotdan ko‘z yumgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Aqto'be

Baholaganlar

83

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing