Yamanning 96 foiz hududini vabo qamrab oldi

Olam

image

Yamanda insonparvarlik yordami to‘xtatilishi fonida mamlakat hududining 96 foizida xolera (vabo) holatlari qayd etildi. Bu haqda tibbiyot xodimlari va ekspertlarga tayanib, “The Washington Post” xabar berdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yaman bo‘yicha vakolatxonasining rahbari o‘rinbosari Nuha Mahmudning nashrga aytishicha, ushbu xolera epidemiyasi “dunyodagi eng dahshatlisi bo‘lib qolmoqda”. Unga ko‘ra, joriy yilning yanvar oyidan iyul o‘rtalarigacha mamlakatda 50 ming xolera bemorlari aniqlangan va 149 kishi halok bo‘lgan.

“Biz birinchi marta shunday inqirozga duch keldik. Avvallari kurashishga muvaffaq bo‘lardik, ammo yaqinda xolera butun mamlakat bo‘ylab tarqaldi”, deya qo‘shimcha qilgan Yamandagi shifokorlardan biri. 

Xorijiy yordam hajmining qisqarishi dori-darmon va tibbiy uskunalar tanqisligiga olib kelgan. Oqibatda Yamandagi barcha shifoxonalarning uchdan bir qismi ishini to‘xtatgan. BMT ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat aholining 80 foizi xorijiy yordamlarga qaram. 

Nashrning eslatishicha, zamonaviy tarixdagi eng yirik xolera epidemiyasi Yamanda 2016–2022 yillarda kuzatilgan bo‘lib, o‘sha davrda mamlakatda 2,5 millionga yaqin xolera holati qayd etilgan.

Ma’lumot uchun, xolera xavfli ichak infeksiyasi bo‘lib, asosan iflos suv yoki oziq-ovqat orqali yuqadi, uning asosiy belgilari suvdek ich ketish, qusish va tez suvsizlanishdir. Davolashning eng muhim yo‘li suyuqlik va tuz balansini tiklash hamda og‘ir holatlarda antibiotiklar qo‘llash. Kasallikning oldini olish uchun esa toza ichimlik suvidan foydalanish, gigiyena va sanitariya qoidalariga rioya qilish zarur.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 iyul kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp xorijiy yordam va ommaviy axborot vositalariga sarflanadigan xarajatlarni qisqartirish to‘g‘risidagi qonunni imzolagandi. Jami 9 milliard dollarlik qisqartirish rejalashtirilgan. Shundan 8 milliard dollari AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali epidemiyalar, mojarolar va tabiiy ofatlardan jabrlangan xorijiy mamlakatlarga ko‘rsatiladigan yordam dasturlaridan olib tashlangan.


Maqola muallifi

Teglar

BMT Yaman vabo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing