Yamanda BAA harbiy kemasi asirga olindi
Olam
−
03 yanvar 2022
6279Yamanda jangari Hutiylar guruhi Qizil dengizda BAA bayrog‘i ostidagi harbiy kemani “qurol-yaroq tashiganlikda” gumon qilib, qo‘lga oldi.
Hutiylar vakili Yahyo Soriyga ko‘ra, kema Hudiydah qirg‘oqlaridagi Yaman hududiga “ruxsatsiz” kirgan va “dushmanlik harakatlari”ni amalga oshirishga uringan. O‘z navbatida Saudiya Arabistoni qo‘llovi ostidagi hukumat koalitsion kuchlari esa, Hutiylarni qaroqchilikda ayblamoqda.
“Rwabee”ning egallab olinishi savdo va energetika tashuvida muhim tranzit bo‘lgan Qizil dengiz harakatlanish uchun xavfli hudud bo‘lib borayotganining belgisidir.
“Rwabee”ga hujum haqida birinchi bo‘lib Britaniya armiyasi ma’lum qilgan. Birlashgan Qirollik dengiz savdo operatsiyalar tashkiloti yarim tunda, Qizil dengiz hududida noma’lum kemaga hujum uyushtirilganini xabar bergan.
“MarineTraffic.com” veb-saytiga ko‘ra, Birlashgan Amirlik bayrog‘i ostidagi “Rwabee” qo‘shin kemasi bir necha soatlar mobaynida o‘zi joylashgan hudud haqida ma’lumotlar yubormay qo‘ygan. Oradan bir necha soat o‘tib, hukumat koalitsion kuchlari Saudiya ommaviy axborot vositalari orqali Hutiylar tomonidan kema “qurolli qaroqchilik” yo‘li bilan egallab olingani haqida axborot bergan.
Koalitsiyaning ta’kidlashicha, kema uzoq Sokotra orolida demontaj qilingan Saudiya dala shifoxonasidan tibbiy asbob-uskunalarni olib ketayotgan bo‘lgan.
“Hutiy militsiyasi darhol kemani ozod qilish shart, aks holda kaolitsiya qurolli kuchlari zo‘ravonlikka qarshi zarur chora-tadbirlarni ko‘rishga majbur bo‘ladi. Hatto, kuch ishlatishga ham”, deydi Brigadir-General Turki al-Malki bugun, 3 yanvar kuni OAVga bergan bayonotida.
Bunga qadar, 2016 yilda Qizil dengizda Eritreya va Yamandagi Amirlik qo‘shinlar bazasi bo‘ylab suzib yurgan Amirlikning SWIFT-1 kemasi Hutiy kuchlari tomonidan hujumga uchragan edi.
Amirlik hukumati SWIFT-1 Yaman bo‘ylab gumanitar yordam tashib yurgani haqida bayonot bilan chiqqan. Ammo BMT Amirlikning gumanitar yordam haqidagi bayonotiga nisbatan “shubha” bildirgan.
Ma’lumot uchun, hukumat va qo‘poruvchi guruhlar o‘rtasida yuzaga kelgan to‘qnashuvlar oqibatida 2014 yilda hukumat a’zolari mamlakat poytaxti Sanoni tashlab qochishga majbur bo‘lgan. Hukumat esa Hutiy isyonchilar guruhi tomonidan egallab olingan. 2015 yilda Saudiya Arabistoni qo‘llab-quvvatlovi ostidagi hukumat tarafdori bo‘lgan koalitsion guruh va Hutiylar o‘rtasida qonli to‘qnashuvlar boshlangan.
So‘nggi oylarda sodir bo‘lgan zo‘ravonliklar ortidan hukumat nazorati ostida bo‘lgan yirik tayanch hudud Marib ham Hutiylar qo‘liga o‘tgan. Hujumlar xavfi oqibatida mamlakat shimolidagi ushbu hududdan yana o‘n minglab aholi ko‘chishga majbur bo‘lgan.
Behruz Saidov
LiveBarchasi