Isroil Yamandagi port va energiya ob’ektlariga zarba berdi

Olam

image

Isroil bugun, 19 dekabr kuni Yamanning husiylar nazoratidagi qismlaridagi portlar va energetika infratuzilmasiga zarbalar berdi va Eron bilan hamkorlik qilgan bir necha guruhlarga yana hujumlar uyushtirish bilan tahdid qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi. 

“Isroilning 14 qiruvchi samolyoti va boshqa samolyotlari ishtirokidagi hujumi ikki to‘lqinda sodir bo‘ldi, birinchi zarbalar Salif va Ras-Issa portlariga, ikkinchisi esa poytaxt Sana shahriga berildi”, dedi Isroilning harbiy matbuot kotibi Nadav Shoshani.

Ma’lumotlarga ko‘ra, havo hujumlarida Salif shahrida yetti nafar, G‘arbiy Hudeyda viloyatidagi Ras-Issa neft inshootida ikki nafar, jami to‘qqiz kishi halok bo‘lgan. Shuningdek, poytaxt Sana shahrida joylashgan ikkita markaziy elektr stansiyasiga berilgan zarbalar oqibatida minglab oilalar elektr energiyasisiz qolgan.

“Isroilning hujumi Yamanni bu jirkanch tajovuzga javob berishdan va G‘azoni qo‘llab-quvvatlashdan to‘xtata olmaydi”, dedi husiylarning harbiy voizi Yahyo Sariya televideniyedagi chiqishida.

Isroil tomonining ma’lumotlariga ko‘ra, bu hujum Yamanning kecha tunda Isroilga qilgan raketa hujumlariga javoban amalga oshirilgan. Hujumlar oqibatida Ramat-Efal shahridagi maktab zarar ko‘rgan. Isroil Mudofaa vaziri Isroil Katsning so‘zlariga ko‘ra, Isroil husiy hujumlariga javob berishda davom etadi. 

“Men huciy terror tashkiloti yetakchilarini ogohlantiraman: Isroilning uzun qo‘li sizga ham yetib boradi. Kimki Isroil davlatiga qarshi qo‘l ko‘tarsa, uning qo‘li kesiladi, kim zarar yetkazsa, yetti barobar zarar ko‘radi”, dedi Kats X’dagi postida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Suriyaning Tartus viloyatidagi harbiy ob’ektlarga keng ko‘lamli havo hujumi uyushtirgandi.

Diyorjon Quvondiqov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Isroil Yaman Salif Ras-Issa porti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing