Yamanda “Al Arabiya” muxbirining avtomobili portlatib yuborildi

Olam

image

Saudiya Arabistonining “Al Arabiya” telekanalining Yamanda faoliyat yuritgan muxbiri Muhammad Ayda avtomobilga o‘rnatilgan bomba portlashi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda bugun, 26 iyun kuni “Reuters” xabar qildi.

Qayd etilishicha, “Al Arabiya” va uning hamkor kanali “Al Hadath” uchun ishlagan yamanlik jurnalist Muhammad Ayda kecha, 24 iyun kuni kechqurun mamlakatning sharqiy qismidagi Hadramaut viloyati markazi Mukalla shahrida o‘ldirilgan.

“Al Arabiya”ning xabar berishicha, Mukalla xavfsizlik idoralari taxminan bir oy avval jurnalistni uning hayoti xavf ostida ekani haqida ogohlantirgan. Biroq tahdidning manbasi haqida batafsil ma’lumot berilmagan. Hozircha hujum uchun javobgarlikni hech bir guruh o‘z zimmasiga olmagan.

Jurnalistning o‘ldirilishi mamlakatdagi siyosiy vaziyat yanada taranglashgan bir paytga to‘g‘ri kelgan. Noyabr va yanvar oylari oralig‘ida Saudiya Arabistoni qo‘llab-quvvatlaydigan, xalqaro miqyosda tan olingan Yaman hukumatiga qarashli kuchlar hamda Birlashgan Arab Amirliklari qo‘llab-quvvatlaydigan janubiy separatistlar o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz bergan edi. Ushbu janglar davomida Mukalla shahri bir necha bor nazoratdan nazoratga o‘tgan. Hozirda shahar Saudiya qo‘llovidagi hukumat kuchlari nazorati ostida turibdi.

Yaman Prezidentlik rahbarlik kengashi raisi jurnalist o‘limi yuzasidan yuqori darajadagi qo‘shma tergov komissiyasini tuzish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. U davlat aybdorlarni aniqlash va javobgarlikka tortish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanishini bildirgan.

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Yaman dunyoda jurnalistlar uchun eng xavfli mamlakatlardan biri bo‘lib qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroilning Livanga hujumi oqibatida kamida 5 kishi, jumladan, 1 nafar jurnalist halok bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing