Ro‘ziyev gazak olgan yarani bostirish uchun Yakkabog‘ga bordi

Jamiyat

image

Kecha, 27 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov tomonidan ogohlantirilgan Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev bugun erta tongdan Yakkabog‘ tumaniga bordi. Ro‘ziyev Eski Yakkabog‘ qo‘rg‘onchasida yuzaga kelgan muammoli vaziyatlarga chek qo‘yish maqsadida aholi va tadbirkorlar bilan yuzma-yuz uchrashgan. 
 
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlar orqali Yakkabog‘ tumani Eski Yakkabog‘ qo‘rg‘onchasida tadbirkor va tuman hokimining o‘rinbosari o‘rtasidagi mojaroli video tarqalgani ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Unda “Obod qishloq” dasturi asosida savdo do‘koni buzilishini istamagan tadbirkor tuman hokimining o‘rinbosarini yoqib yuborishga uringan holat tasvirlangan. Bunga sabab esa Eski Yakkabog‘ qo‘rg‘onchasida 30 nafar tadbirkorning savdo do‘koni ogohlantirilmasdan buzilganidir. Ularning hech biriga kompensatsiya pullari to‘lab berilmagan. 

Mazkur voqea ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlari orqali butun dunyoga ovoza bo‘ldi. Davlat rahbari tezkor yig‘ilish o‘tkazdi, hokimlarni ogohlantirdi. Hukumat raisi Yakkabog‘ tumani hokimi (Donayev), tuman prokurori (Xalilov) tuman hokimini qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari (Tuymayev)ni ishdan oldi. 

Tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mansur Tuymayev Xurramovich o‘z vakolatiga kirmaydigan xatti-harakatlarni amalga oshirgani sababli unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli bandlari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Gazak olib bo‘lgan yarani bostirish uchun tumanga borgan Qashqadaryo viloyati hokimi Ro‘ziyev tuman hokimligi vakillarining xo‘jasizlarcha harakatlaridan aziyat chekkan Nizom Vohidov, Dilfuza Boqiyeva, Farruh Jabborov hamda Zafar Jo‘rayevlarning xonadonida bo‘lgan. 

Hokimning tashrifidan keyin mavjud muammolar joyida bartaraf etilgani aytilmoqda. Shuningdek, uy-joyi buzilgan 7 nafar fuqaroga hamda hovli devorlari buzilgan 27 nafar fuqaroga 1 milliard 700 million so‘m kompensatsiya pullari to‘lanishi rejalashtirilgan.
 
Bugun,  28 iyul erta tongdan Eski Yakkabog‘ qo‘rg‘onchasida katta hashar tashkil etildi. Barcha texnikalar jalb etilgan hamda hasharchilar va mahalliy aholi vakillari uchun osh tortilmoqda.
 
Eski yakkabog‘liklar qalbida bir maqsad, u ham bo‘lsa, shu hududni obod qilish, co‘lim maskanga aylantirishdir. Hudud aholisi bo‘ladigan ijobiy o‘zgarishlarga o‘z hissasini qo‘shish uchun doimo tayyor ekanligini bildirishdi.
 
Eslatib o‘tamiz, viloyat hokimining 2018 yil 12 sentyabrdagi “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan qishloqlardan tashqari Yakkabog‘ tumanining “Eski Yakkabog‘”qishlog‘ida qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda tuman hokimining 23 apreldagi tegishli qarorlari ijrosini ta’minlash bo‘yicha Eski Yakkabog‘ qishlog‘ining bosh rejasi asosida umumfoydalanuv davlat ahamiyatidagi 4R84 “Yakkabog‘-Chiroqchi-Sho‘rbog‘” avtomobil yo‘lining 0-3 kilometrlari qayta rekonstruksiya qilinishi munosabati bilan yangi loyihalashtirilgan avtomobil yo‘lining o‘rniga tushgan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan Eski Yakkabog‘ qishlog‘i hududidagi noturarjoy binolari buzilish ishlari olib borilmoqda.
 
Ma’lumot o‘rnida, Eski Yakkabog‘ qishlog‘ida 15 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Qo‘rg‘oncha bir paytlar tuman markazi sifati faoliyat yuritgan. Bu yerda 3 ta – “Eski Yakkabog‘”, “Mustaqillik” va “Ibn Sino” mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud. Hududda 1 ta bolalar oromgohi, 3 ta maktab, 1 ta ixtisoslashtirilgan maktab internat, 2-sonli tuman markaziy shifoxonasi, tuman veterinariya bo‘limi, 1 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, “Eski Yakkabog‘” oziq-ovqat dehqon bozori, oilaviy poliklinika va boshqa tashkilot, idoralar mavjud. 170 dan ziyod savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari va kommunikatsiya tizimlarida 220 nafardan ziyod tadbirkor faoliyat yuritmoqda.
 
Ayni paytda viloyat hokimi va sohaga aloqador viloyat tashkilotlari rahbarlari ishtirokida sayyor qabul davom etmoqda.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Nega hokimlar, xususan, Qashqadaryo viloyati hokimi Janob Ro‘ziyev aholi va tadbirkorlarning dardiga o‘z vaqtida quloq tutmadi? Nega shu kompensatsiya masalasini devorlarga darz ketguncha hal etmadi? So‘nggi pushayman o‘zingga dushman. Ikki o‘rtada bir hokim o‘rinbosari bir umrga majruh bo‘lib qoldi. Mol achchig‘ida birovning joniga qasd qilgan tadbirkor esa jinoiy javobgarlikka tortildi. Paxta, majburiy mehnat ortidan ekilgan qaddini endigina tiklab borayotgan O‘zbekistonning nomiga putur yetgani qoldi. 


Maqola muallifi

Teglar

Zafar Ro'ziev Yakkabog' tumani

Baholaganlar

77

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing