Yakkabog‘ hokimi 311 mln so‘mga Captiva xarid qilmoqda

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani hokimi Lutfiddin Abdullayev 311 mln so‘mlik Captiva xarid qilmoqda. Avtomashinani xarid qilish masalasi Xalq deputatlari tuman kengashi sessiyasida deputatlar tomonidan tasdiqlangan. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot kotibi xabar berdi.

Captiva xarid qilishga sabab qilib, “2014 yilda ishlab chiqarilgan, hozirda yaroqsiz holga kelib qolgan” Gentra xizmat mashinasi ko‘rsatilgan. 

“Savol tug‘ilishi tabiiy: yaqinda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining “Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransportlaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida tuman va shahar hokimlari xizmat avtotransportining eng yuqori narxi — BHMning 1000 baravari (245 mln so‘m)dan oshmasligi aytilgan. Nega 311 million so‘m?

Ushbu qarorning 1-ilovasida “Borish qiyin bo‘lgan va tog‘li tumanlar hokimlari uchun xizmat avtotransport vositasini xarid qilishda dvigatelning eng yuqori quvvati 3 000 sm3gacha oshirilishiga ruxsat etiladi”, deya qo‘shimcha qilib ketilgan. Yakkabog‘ tumanining 62,7 foiz maydoni tog‘li hududlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu sababli, Captiva avtomashinasi xarid qilish qonunga zid emas, deb topilgan. Ushbu masalada tuman hokimi viloyat hokimi Zoyir Mirzayevga xat bilan murojaat qilib, ruxsat so‘ragan”, deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 29 apreldagi “Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransportlaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 258-sonli qarori qabul qilinishi munosabati bilan Zoyir Mirzayev e’lon qilgan moratoriy bekor qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Qashqadaryo Captiva Yakkabog'

Baholaganlar

126

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing