Yaqinda komadan chiqqan MakSim butunlay tuzaldi
Madaniyat-san’at
−
08 avgust 2021
13394Avvalroq rossiyalik xonanda MakSimni (Marina Maksimova) taxminan bir yarim oy davom etgan sun’iy komadan chiqarilgani haqida xabar qilgandik. Bugun, 7 avgust kuni xonanda MakSim butunlay tuzalgani ma’lum qilindi. Bu haqda xonandaning “Vkontakte”dagi shaxsiy sahifasida e’lon qilingan.
“Ha, albatta, u barcha tibbiyot xodimlari bilan faol muloqot qilmoqda. Uning fikri tiniq, kulyapti va hazil qilyapti. U hamma narsani eslaydi, xotirasi a’lo darajada, tana a’zolarining barchasi o‘z funksiyasini to‘liq bajarmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyalik taniqli xonanda MakSim joriy yilning 12 iyunida Qozon shahridagi konsertdan so‘ng shifoxonaga yotqizilgandi. Konsertdan oldin uning isitmasi yuqori bo‘lgan, ammo shunga qaramay shouni bekor qilmaslikka qaror qilingan.
Shundan so‘ng xonandaning holati birdan yomonlashib, shifoxonaga olib borilgan va sun’iy komaga tushirilgandi. MakSimning holati to‘g‘risida uning PR menejeri Yana Bogushevskaya mahalliy ommaviy axborot vositalarida hamda o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalarida muntazam ravishda ma’lumot berib kelgan.
Ma’lumot o‘rnida, rossiyalik xonanda MakSim 1983 yilning 10 iyunida Qozon shahrida tug‘ilgan. Uning asl ismi Marina Maksimova (Abrosimova). Bo‘lajak xonanda bolalikdan akasi Maksim bilan juda yaqin bo‘lgan va keyinchalik uning ismidan taxallus sifatida foydalanishga qaror qilgan. Bo‘lajak yulduz taniqli Gala Records ovoz yozish kompaniyasi bilan hamkorlik qilish taklifini oladi. 2006 yilda esa o‘zining “Murakkab yosh” (“Trudniy vozrast”) debyut albomini yozishga muvaffaq bo‘lgan. Albom 1,5 milliondan ortiq nusxada sotildi va 2007 yilda MakSim Rossiyadagi eng muvaffaqiyatli qo‘shiqchiga aylandi. Shundan so‘ng uning yulduzlik onlari boshlangan.
LiveBarchasi