Yaqin Sharqning qaysi davlatlari yadroviy dasturga ega va ular qanday shakllangan?

Tahlil

image

AQSH va Saudiya Arabistoni yadroviy sohada 30 yillik hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Ushbu kelishuv Vashingtonga Podshohlikning fuqarolik maqsadidagi yadroviy dasturini rivojlantirishda yordam berish imkonini beradi.

Bitim 22 iyul kuni AQSH Energetika vaziri Kris Rayt va Saudiya Energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon tomonidan imzolangan yadroviy hamkorlik bo‘yicha “123 kelishuvi” orqali rasmiylashtirildi. Bu hujjat AQSH kompaniyalariga yadroviy texnologiyalarni xorijga o‘tkazish huquqini beradi. AQSH bunday kelishuvlarni Atom energiyasi to‘g‘risidagi qonunining 123-moddasi asosida tuzadi, shuning uchun ular “123 kelishuvlari” deb ataladi.

Hozircha Saudiya bilan imzolangan kelishuvning aniq mazmuni ma’lum emas. Ayrim tahlilchilar hujjat Yaqin Sharqda yadroviy qurollar poygasining oldini olish uchun yetarlicha kafolatlarni o‘z ichiga olmaganidan xavotir bildirmoqda.

AQSH ham, Saudiya Arabistoni ham Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma (NPT) ishtirokchilari hisoblanadi. Biroq yadroviy qurollar tarqalishini nazorat qiluvchi atom energiyasi xalqaro agentligi (MAGATE) ushbu ikki tomonlama bitimda ishtirok etmagan. Shu bois nazorat mexanizmlari qanday ishlashi hozircha noaniq. Shuningdek, Saudiya Yadroviy ta’minotchilar guruhi (NSG) a’zosi emas. Bu esa mamlakat muhim yadroviy texnologiyalar va uranni qanday olishi masalasini ochiq qoldirmoqda.

Shunga qaramay, Saudiya dasturi Yaqin Sharqdagi yadroviy loyihalarning navbatdagisi xolos. Mintaqada bir nechta davlat fuqarolik yoki harbiy yo‘nalishdagi yadroviy dasturlarga ega.

AQSH va Saudiya nimalarga kelishdi?

Ikki davlat AQSH texnologiyalarini Saudiyaga o‘tkazishga ruxsat beruvchi yadroviy hamkorlik bitimi hamda alohida “ikki tomonlama kafolatlar to‘g‘risidagi kelishuv”ni imzoladi. Ushbu hujjat mazmuni to‘liq oshkor qilinmagan.

Biroq u amerikalik inspektorlarga Saudiya yadroviy dasturini kuzatish, uran boyitish darajasi fuqarolik reaktorlari uchun zarur me’yordan oshib ketmasligini nazorat qilish imkonini berishi mumkin.

“AQSH dunyoning hech bir mamlakati bilan yadroviy qurollar tarqalishi xavfini keltirib chiqaradigan bitim tuzmaydi”, degan AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Filippinda jurnalistlarga.

Westinghouse kabi amerikalik yadroviy reaktor ishlab chiqaruvchi kompaniyalar mazkur kelishuvdan iqtisodiy manfaat ko‘rishi mumkin. Endi bitim AQSH Kongressi ko‘rib chiqishi uchun taqdim etiladi. Qonunchilik palatasida unga qarshi chiqqanlar bo‘lishi mumkin, ammo ular ozchilikni tashkil etishi kutilmoqda. Agar shunday bo‘lsa, hujjat 90 kunlik ko‘rib chiqish muddati tugagach, avtomatik tarzda kuchga kiradi.

Yaqin Sharqning qaysi davlatlarida yadroviy dastur mavjud?

Eron. 2025 yilda AQSH Isroilning Eronga qarshi 12 kunlik urushiga qo‘shilib, mamlakatning 3 ta asosiy yadroviy ob’ektiga havo zarbalarini berdi. Keyinroq fevralda ikki davlat yana Eronga qarshi yangi urush boshladi. Bunga asosiy sabab sifatida Tehronning yadroviy qurol yaratish ehtimoli ko‘rsatildi. Eron esa o‘z dasturi faqat tinch maqsadlarga qaratilganini ta’kidlab keladi.

Qiziqarli jihati shundaki, Eron yadroviy dasturini 1957 yilda AQSH ko‘magida boshlagan. Bu o‘sha paytdagi prezident Duayt Eyzenhauerning fuqarolik maqsadlarida yadroviy texnologiyalarni tarqatish dasturi doirasida amalga oshirilgan. Keyinchalik MAGATE ham shu jarayonni nazorat qilish uchun tashkil etilgan. Eron 1974 yilda NPT’ga qo‘shilgan.

Bushehr atom elektr stansiyasi dastlab Germaniya kompaniyalari tomonidan qurilgan. Biroq 2000 yillar boshida MAGATE Eron Pokiston yordamida Natanz, Isfahon va Fordo uran boyitish inshootlarini yashirin qurganini aniqladi. Bu mamlakat yadroviy qurol yaratishga intilayotgani haqidagi ayblovlarga sabab bo‘ldi.

*2026 yil 15 iyundagi sun’iy yo‘ldosh tasvirida Eronning Natanz uran boyitish inshooti (yuqori o‘ng burchakda) va uning janubidagi Pikaxe tog‘ida qurilayotgan yer osti yadroviy maydonchasi ko‘rsatilgan.

Shundan so‘ng, BMT Xavfsizlik kengashi Eronga qarshi sanksiyalar joriy qildi. AQSH va Isroil ham kiberhujumlar va eronlik yadroviy olimlarga qarshi suiqasdlar orqali bosim o‘tkazdi. Buning ortidan 2003 yilda o‘sha davrdagi oliy rahbar Oyatulloh Ali Xomanaiy mamlakat yadroviy qurol yaratmasligi haqida fatvo chiqargan.

2015 yilga kelib Barak Obama ma’muriyati davrida Eron va xalqaro hamjamiyat Yadroviy dastur bo‘yicha Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasi (JCPOA)ni imzoladi. Unga ko‘ra, Eron uranni taxminan 3 foizgacha boyitishga rozi bo‘lgan. Bu elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun yetarli bo‘lsa-da, yadroviy qurol uchun zarur darajadan ancha past hisoblanadi.

Eron MAGATEga yadroviy ob’ektlariga misli ko‘rilmagan darajada kirish imkonini ham berdi. Agentlik va AQSH razvedkasi mamlakat kelishuv shartlariga amal qilganini bir necha bor tasdiqlagan. Biroq Donald Tramp birinchi prezidentlik muddatida 2018 yilda AQSHni kelishuvdan chiqarib, sanksiyalarni qayta tikladi. Shundan keyin Eron uranni yuqoriroq darajada boyitishni boshladi.

2025 yilning iyunida MAGATE Eron 60 foizgacha boyitilgan 400 kilogrammdan ortiq uran to‘plaganini ma’lum qildi. Bu qurol uchun talab qilinadigan 90 foizlik darajaga yaqin hisoblanardi. Tramp AQSH zarbalari Eron yadroviy dasturini “butunlay yo‘q qilganini” aytgan. Avgust oyida BMT ham Eronga qarshi sanksiyalarni qayta tikladi. Shundan keyin ham AQSH va Isroil Eron yadroviy salohiyatini cheklash maqsadida yangi harbiy amaliyotlarni boshlagan.

Isroil. Isroil rasman yadroviy qurolga egaligini na tasdiqlaydi, na inkor etadi. Biroq tahlilchilar uni Yaqin Sharqda yadroviy arsenalga ega yagona davlat deb hisoblaydi. Mamlakat NPT ishtirokchisi emas va MAGATE uning imkoniyatlarini baholay olmaydi. Isroil 1980-yillardan buyon agentlikka bu borada ma’lumot berishdan bosh tortib keladi.

Nuclear Threat Initiative tahlil markaziga ko‘ra, Isroil 1960 yillardan beri yadroviy qurolga ega bo‘lib, taxminan 90 ta yadroviy kallakka egalik qiladi. Shuningdek, mamlakat yana 300 tagacha yadroviy qurol ishlab chiqarish uchun yetarli uran va plutoniy zaxirasiga ega.

Isroilning asosiy yadroviy ob’ekti – Dimona shahri yaqinidagi Shimon Peres Negev yadroviy tadqiqot markazi bo‘lib, u 1957 yilda Fransiya yordamida qurilgan. Isroil ushbu reaktor faqat tinch maqsadlarga xizmat qilishini ta’kidlaydi.

*2002 yil 8 sentyabrda olingan arxiv suratda Isroil janubidagi Negev cho‘lida joylashgan Dimona atom elektr stansiyasining bir qismi aks etgan.

Biroq 1980 yilda bir isroillik axborot oshkor qiluvchi ob’ektdan olingan hujjat va suratlarni e’lon qilib, mamlakatning ilg‘or yadroviy imkoniyatlari haqidagi taxminlarni kuchaytirgan. 2025 yildagi sun’iy yo‘ldosh suratlari esa Dimona majmuasida kengaytirish ishlari olib borilayotganini ko‘rsatgan.

Birlashgan Arab Amirliklari. BAA 2009 yilda AQSH bilan “123 kelishuvi”ni imzolab, qat’iy fuqarolik yo‘nalishidagi yadroviy dasturni boshlagan. Mamlakat uranni mustaqil boyitmaslik va ishlatilgan yadroviy yoqilg‘ini qayta ishlamaslik majburiyatini olgan. Bu ikki jarayon yadroviy qurol yaratish uchun muhim hisoblanadi.

*BAA davlat axborot agentligi tomonidan e’lon qilingan ushbu sanasiz fotosuratda Abu-Dabining g‘arbiy cho‘lida qurilayotgan Barakah atom elektr stansiyasi ko‘rsatilgan.

Baraka atom elektr stansiyasi BAA yadroviy infratuzilmasining asosiy ob’ektidir. U 2012 yilda qurilgan bo‘lib, AQSH texnologiyalari asosida ishlaydigan 4 ta Janubiy Koreya reaktoriga ega. Stansiya 5600 megavatt elektr energiyasi ishlab chiqaradi va mamlakat ehtiyojining qariyb chorak qismini ta’minlaydi. MAGATE ob’ektni real vaqt rejimida kuzatish imkoniga ega.

Turkiya. Turkiya hozircha o‘z yadroviy quroliga ega emas. Biroq Eron bilan bog‘liq urushdan keyin mamlakat rahbariyatining bayonotlari bu masaladagi yondashuv o‘zgarishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. AQSHning NATO bo‘yicha ittifoqchisi sifatida Turkiya hududida amerikalik yadroviy qurollar joylashtirilgan.

Mamlakatning asosiy fuqarolik yadroviy ob’ekti – Rossiya qurgan Akkuyu atom elektr stansiyasi. U 4800 megavatt quvvatga ega bo‘lib, Turkiya elektr energiyasining taxminan 10 foizini ishlab chiqaradi. Kelishuvga ko‘ra, Turkiya ishlatilgan yadroviy yoqilg‘iga egalik qilmaydi.

*Turkiyaning Mersin viloyati Gyulnar tumanida, O‘rta yer dengizi sohilida qurilayotgan atom elektr stansiyasi. 2024.

2025 yilda Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Turkiya ham yadroviy qurolga ega bo‘lishi mumkinligini aytgan. Tahlilchilar mamlakat fuqarolik dasturini kengaytirishi mumkinligini istisno etmaydi.

Misr. Misr ham Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma (NPT) ishtirokchisi bo‘lib, atom kallaklariga ega emas. Biroq mamlakat bugungi kunda o‘z yadroviy quvvat ishlab chiqaruvchisini yaratmoqda. Misr ishlab chiqayotgan yadroviy dasturidan elektr energiyasi ishlab chiqarish va dengiz suvini tozalash maqsadida foydalanishni reja qilgan. Hozirda Rossiya qurayotgan “El-Dabaa” atom elektr stansiyasi 2028 yilgacha 4800 megavatt quvvatga chiqishi kutilmoqda.

“El-Dabaa” atom elektr stansiyasi qurilish jarayoni

Yana bir jihat shundaki, mamlakat tarixda yadroviy qurolga intilib ko‘rgan. Ya’ni 1960 yillarda prezident Jamol Abdulnosir davrida Misr Isroilga qarshi harbiy yadroviy dastur boshlagan, ammo bu urinish muvaffaqiyatsiz yakunlangan.

Iroq. Mashhur rahbar Saddam Husayn hukmronligi davrida Iroq yashirin ravishda yadroviy qurol yaratishga uringan. Fransiyadan sotib olingan Osirak reaktori Bag‘dod yaqinidagi Tuvayta tadqiqot markaziga o‘rnatilgan. Biroq 1980 yillarda Eron ushbu ob’ektga zarba bergan, ortidan Isroil uni bombalagan. 1991 yilda AQSH ham ob’ektga hujum qilgan.

Voqealar ortidan 2003 yilda MAGATE Iroq yadroviy dasturi butunlay tugatilganini tasdiqlagan. Hozirda mamlakat Xitoy va Rossiya bilan atom elektr stansiyalari qurish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda.

Mintaqadan tashqari: Pokiston

Yaqin Sharqdan tashqarida joylashgan Pokiston ham o‘z raqibi Hindistonni tiyib turish maqsadida katta yadroviy arsenalga ega. Hindiston “birinchi bo‘lib yadroviy qurol qo‘llamaslik” siyosatiga amal qilishini e’lon qilgan bo‘lsa, Pokistonning bu boradagi pozitsiyasi uzoq yillardan beri ataylab noaniq saqlanib kelmoqda.

Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti (SIPRI) ma’lumotiga ko‘ra, Pokiston ixtiyorida taxminan 170 ta, Hindistonda esa 190 ta yadroviy jangovar kallak mavjud. Tahlilchilarning fikricha, 2025 yil may oyida Hindiston bilan bo‘lib o‘tgan qisqa qurolli to‘qnashuvdan keyin Pokiston yadroviy dasturini yanada kengaytirgan. Pokiston ham, Hindiston ham Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma (NPT) ishtirokchisi emas.

Pokiston ham 1950 yillarda prezident Duayt Eyzenhauerning yadroviy energiya dasturida ishtirok etgan. Biroq 1947 yilda mustaqillikka erishilganidan keyin Hindiston bilan uch marta urushganidan so‘ng, 1970-yillarda yadroviy qurol yaratishga kirishdi. Xuddi shu davrda Hindiston ham yadroviy sinovlarni boshlagandi. 

“Biz o‘t yeyishga, hatto och qolishga ham rozimiz, ammo o‘z yadroviy bombamizga ega bo‘lamiz”, degan edi o‘sha vaqtda Pokiston bosh vaziri bo‘lgan Zulfiqor Ali Bhutto.

“Jamoat-i Islomiy” partiyasi tarafdorlari tomonidan tashkil etilgan miting ishtirokchilari Pokiston hukumatini Hindiston o‘tkazgan yadroviy sinovlarga javob sifatida o‘z yadroviy portlashini amalga oshirishga chaqirmoqda. Karachi, 1998 yil 19 may.

Pokiston yadroviy dasturining asosiy me’mori fizik Abdul Qodir Xon hisoblanadi. U Niger orqali qora bozordan uran xarid qilish tarmog‘ini yo‘lga qo‘ygan. Pokiston yuqori darajada boyitilgan uranni Kahuta va Gadval ob’ektlarida ishlab chiqaradi. 

Shuningdek, mamlakat Eron, Liviya va Shimoliy Koreya bilan ham yadroviy texnologiyalar hamda qurollar sohasida hamkorlik qilgan va qurollarini baham ko‘rgan. Biroq Liviyaning o‘sha paytdagi rahbari Muammar Qaddafiy esa 2003 yilda mamlakatiga qarshi sanksiyalar joriy etilgach, Liviyaning yadroviy infratuzilmasini Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) nazoratiga topshirgan.
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing