Yangi urush: Isroil Eronga zarba berdi
Tahlil
−
13 iyun 5265 4 daqiqa
Isroil harbiy-havo kuchlari 13 iyunga o‘tar kechasi Eron hududiga zarba berdi. Hujum haqida xabar bergan Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats mamlakatning Eronga zarbasidan so‘ng yaqin kelajakda Isroilga ham raketa va dron hujumi kutilayotganini aytdi.
Eron davlat televideniyesi mamlakat poytaxti Tehronning turli hududlarida kuchli portlashlar eshitilganini xabar qildi. Shuningdek, Eronning havo hujumidan mudofaa tizimi to‘liq shay holatga keltirilib, mamlakatning asosiy Imom Xomayniy aeroportida barcha parvozlar to‘xtatildi. Isroil ham havo hududini yopdi. Eron havo hududining yopilishi munosabati bilan bir nechta reyslar Toshkentdagi muqobil aerodromga yo‘naltirildi.
SAXAL Eron yadro dasturini nishonga olgan “Sherlar dunyosi” kodli operatsiyani boshlaganini tasdiqladi. SAXALning bildirishicha, Eronda bir necha kun ichida 15 ta yadroviy bomba yaratish uchun yetarli darajada boyitilgan uran bor va Isroil bu “muvofiq tahdid”ga qarshi chora ko‘rishi kerak.
SAXAL bayonotiga ko‘ra, Isroil harbiy-havo kuchlarining Erondagi mamlakat yadroviy dasturi va boshqa harbiy ob’ektlarga aloqador o‘nlab nishonlarga zarba bergan. Xususan, Natanzdagi Eron yadroviy inshootining yaqinida “bir nechta portlash tovushlari” eshitilgan. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hujum haqida shunday degan:
“Biz Eronning yadroviy boyitish dasturining markaziga zarba berdik. Eron ballistik raketa dasturining markaziga ham zarba berdi. Eron hali ham bizga zarar yetkazish uchun katta imkoniyatlarga ega. Operatsiya zarur bo‘lgan vaqtgacha davom etadi”.
Axborot agentliklari, jumladan, “Reuters” agentligining xabar berishicha, Isroil havo kuchlari nafaqat Erondagi yadroviy va harbiy ob’ektlarga hujum qilgan, balki Islom Respublikasidagi harbiy va ilmiy rahbariyatni ham nishonga olgan. Ma’lum qilinishicha, zarbalar oqibatida Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni Husayn Salamiy va eronlik yadro olimlari Fereydun Abbosiy-Davoniy va Muhammad Mehdi Tehronchi halok bo‘lgan. Eron matbuotiga ko‘ra, Oyatulloh Xomanaiyning maslahatchisi Ali Shamxoniy og‘ir yaralangan. Sal o‘tib, hujum ortidan Eron Qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i general-polkovnik Muhammad Bag‘iriy, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bosh qo‘mondoni Husayn Salamiy hamda Xomanaiyning maslahatchisi Ali Shamxoniy o‘lgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Aerokosmik kuchlari qo‘mondoni Amir Ali Hojizoda, Eron Atom energetikasi tashkiloti rahbari Fereydun Abbosiy, Eron Bosh shtabining “Xotam al-Anbiya” Markaziy shtabi qo‘mondoni general-mayor G‘ulom Ali Rashid ham o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin.
Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy Isroildan qasos olish bilan tahdid qilgan. Xomanaiyning so‘zlariga ko‘ra, Isroil “qattiq jazo”ni kutishi kerak. Uning farmoniga ko‘ra, Habibullo Sayyoriy Qurolli kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangan. Sobiq ichki ishlar vaziri Vohidiy esa Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bosh qo‘mondoni lavozimini egallagan.
Isroil armiyasi vakili, brigada generali Effi Defringa ko‘ra, so‘nggi bir necha soat ichida Eron tomonidan Isroilga qarshi 100 dan ortiq dron jo‘natilgan. Hozirda Isroil armiyasi ularni urib tushirish ustida ishlamoqda. Defrinning tushuntirishicha, Eron hududidan uchirilgan bu dronlarning Isroilga yetib borishi uchun bir necha soat kerak bo‘ladi. Xususan, ma’lumotlarga ko‘ra, Erondan Isroilgacha uchirilgan dronlar – 7-9 soat oralig‘ida, ballistik raketalar 12 daqiqa hamda qanotli raketalar – 2 soatda yetib boradi.
Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Eron dronlarining Isroil tomon harakatlanayotgani aks etgan videolar paydo bo‘lgan. Shu bilan birga, Isroilda aholi Eronning ehtimoliy hujumiga tayyorgarlik ko‘rmoqda – odamlar oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasi uchun ommaviy tarzda supermarketlarga yo‘l olmoqda. Bunday holat, ayniqsa, odatda juma kuni kechdan shanba kechgacha yopiq bo‘ladigan do‘konlar fonida yuz beryapti, chunki bu vaqt yahudiylarning “Shabbat” bayramiga to‘g‘ri keladi.
Bungacha Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats mamlakatda favqulodda holat e’lon qilgan. Unga ko‘ra, armiya Eronning ehtimoliy javob hujumiga tayyorlanmoqda. SAXAL tomonidan e’lon qilingan tartibga ko‘ra, soat 03:00 dan boshlab butun mamlakat bo‘ylab ommaviy yig‘ilishlar, o‘qish va ishlab chiqarish faoliyati taqiqlanadi. Isroil bo‘ylab xavf signal sirenalari yangramoqda.
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Isroilning Eronga bergan zarbalarini “bir tomonlama harakat” deb atadi va Vashingtonning bunga aloqasi yo‘qligini aytdi. U, shuningdek, Eronni mintaqadagi AQSH kuchlariga hujum qilmaslikka chaqirdi.
“Isroil bugun kechqurun Eronga qarshi bir tomonlama chora ko‘rdi. Biz Eronga qarshi hujumlarda ishtirok etmaymiz va bizning ustuvor vazifamiz mintaqadagi Amerika kuchlarini himoya qilishdir”, deb yozdi Rubio.
Rubioning so‘zlariga ko‘ra, Isroil Vashingtonga o‘z harakatlari “o‘zini himoya qilish uchun zarur” ekanini aytgan.
O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi Eron tomonidan Isroilga raketa otilishi mumkinligi munosabati bilan ushbu mamlakatdagi o‘zbekistonliklardan tezkor ehtiyot choralarini ko‘rishni so‘radi. Biroz vaqt o‘tib, O‘zbekistonning Erondagi elchixonasi ham O‘zbekiston fuqarolaridan xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilishni so‘radi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ushbu mazmunda mamlakatning Eron va Isroildagi aholisini ogohlantirdi.