Yaqin Sharqda repressiyalar va so‘z erkinligini cheklash kuchaymoqda – BMT

Olam

image

AQSH va Isroilning Eronga zarbalari boshlanganidan beri Yakin Sharqda fuqarolik makoniga va fikr bildirish erkinligiga bosim sezilarli darajada oshdi, bu esa ko‘plab nizolar va inqirozlar fonida mavjud qo‘rquv muhitini yanada og‘irlashtirdi. Bu haqda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk ogohlantirdi.

Eronda, hisob-kitoblarga ko‘ra, mojaro boshlanganidan beri milliy xavfsizlikka oid ayblovlar, jumladan terrorizm, o‘zgacha fikrlash, josuslik va “dushman bilan hamkorlik qilish” gumoni bilan 2 ming 345 kishi hibsga olingan.

“Yanvar oyidagi norozilik namoyishlari va hozirgi mojaro paytida o‘zboshimchalik bilan ushlanganlarning aksariyati dahshatli sharoitlarda saqlanmoqda. Ular tegishli kafolatlarsiz tezlashtirilgan sud jarayonlaridan o‘tkazilmoqda, bu esa o‘lim jazosi qo‘llanilish xavfini oshiradi. Allaqachon sakkizta qatl haqida xabar berilgan, ulardan uchtasi namoyishlar bilan bog‘liq. O‘nlab boshqa mahkumlar, jumladan bolalar ham xuddi shunday qismatga duch kelishi mumkin”, deb xabar berdi BMT.

Bu holatga BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk ham munosabat bildirdi. 

“Bu g‘azablanarli holat. Go‘yo urush keltirib chiqargan azoblar yetmaganidek, ba’zi eronliklar o‘z hukumati tomonidan o‘zboshimchalik bilan ushlanmoqda, qamoqqa olinmoqda, tartib-qoidalarsiz sud qilinmoqda va ayrim hollarda hatto qatl etilmoqda”, deydi Folker Tyurk.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron xalqining huquqlari ustuvor vazifaga aylanishi zarur, barcha qatllar esa zudlik bilan to‘xtatilishi lozim.

Shu bilan birga, Eronda umummilliy miqyosda internetning o‘chirib qo‘yilishi, allaqachon beshinchi haftadirki davom etmoqda va bu dunyodagi eng yirik uzilishlardan biriga aylandi. Shuningdek, jamoat joylarida xavfsizlik kuchlari tomonidan fuqarolarni yoppasiga so‘roq qilish va qo‘rqitish holatlari haqida xabar berilmoqda.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi butun mintaqa bo‘ylab mojaro bilan bog‘liq o‘zboshimchalik bilan hibsga olishlar va davlat bosimining boshqa shakllari haqida tashvishli xabarlarni olmoqda.

“Biz barcha davlatlarga inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini – insonlarning fikr bildirish erkinligi huquqini hurmat qilish va himoya qilish zarurligini eslatib o‘tamiz. Har bir inson o‘z tanqidiy qarashlarini, ayniqsa jamoatchilik uchun muhim masalalarda, o‘zboshimchalik bilan hibsga olinish yoki jazolanishdan qo‘rqmasdan ifoda etish huquqiga ega”, deydi Folker Tyurk.

Uning qayd etishicha, cheklovlar milliy xavfsizlik yoki jamoat tartibi nuqtai nazaridan joriy etilishi mumkin bo‘lsa-da, ular qat’iy asoslangan, tahdidlarga mutanosib hamda vaqt va ko‘lam jihatidan cheklangan bo‘lishi shart. Yoppasiga taqiqlar, qoida tariqasida, xalqaro huquqqa zid keladi.

“Hibsga olinganlar yuridik yordam olish, tegishli huquqiy tartib-taomillar va adolatli sudlanish huquqiga ega. Dastlabki qamoqqa olish faqat o‘ta zarur chora sifatida qo‘llanilishi kerak. O‘zboshimchalik bilan ushlanganlar zudlik bilan va hech qanday shartlarsiz ozod etilishi lozim. O‘lim jazosi yashash huquqiga ziddir va xalqaro huquq bilan himoyalangan harakatlar uchun qo‘llanilmasligi kerak”, deydi Oliy komissar.

BMTning bosh huquq himoyachisi, shuningdek, OAV erkinligini cheklashga bo‘lgan urinishlarga ham e’tibor qaratgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronda yoshlar terma jamoasining 19 yoshli kurashchisi Solih Muhammadiyga nisbatan o‘lim hukmi ijro etilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

so'z erkinligi Folker Tyurk repressiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing