Matbuot erkinligi indeksi e’lon qilindi. O‘zbekiston nechanchi o‘rinda?
Bu qiziq
−
30 aprel 2421 2 daqiqa
Qarorgohi Parijda joylashgan “Chegarasiz muxbirlar” (RSF) xalqaro tashkiloti dunyoning 180 ta mamlakatidagi so‘z erkinligi holatini baholovchi 2026 yilgi matbuot erkinligi indeksini taqdim etdi. Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston ushbu sohada jiddiy muammolari bo‘lgan davlatlar qatorida qolmoqda.
O‘zbekiston reytingda 147-o‘rinni egalladi. Mamlakat o‘tgan yilga nisbatan bir pog‘ona yuqorilagan bo‘lsa-da, umumiy ko‘rsatkichlar yomonlashgan. 2026 yilda respublika 100 balldan 34,95 ball to‘plagan, 2025 yilda esa bu ko‘rsatkich 35,24 ballni tashkil etgan.
RSF ekspertlari O‘zbekistondagi matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyatni “juda jiddiy” toifasiga kiritishda davom etib, media muhitidagi cheklovlar va zaifliklar saqlanib qolayotganini qayd etmoqda.
Dunyo miqyosida tashkilot ahvolning yomonlashayotganini kuzatmoqda: mamlakatlarning qariyb 75 foizida matbuot erkinligi muammoli yoki o‘ta og‘ir deb baholanmoqda. Davlatlarning yarmidan ko‘pi “murakkab” yoki “juda jiddiy vaziyat” toifalarida joylashgan.
RSF ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda jurnalistlar ishlashi uchun qulay sharoitlarga ega mamlakatlar soni keskin kamaygan, OAVga siyosiy, iqtisodiy va huquqiy mexanizmlar orqali bosim kuchaymoqda.
Indeksda an’anaviy tarzda Shimoliy Yevropa davlatlari – Norvegiya, Daniya va Niderlandiya yetakchilik qilmoqda. Norvegiya ketma-ket o‘ninchi yil birinchi o‘rinni egallab turibdi. Reytingning so‘nggi qatorlarida OAV uchun eng qattiq cheklovlar amal qiluvchi davlatlar, jumladan, oxirgi o‘rindagi Eritreya joylashgan.
Mintaqaviy kesimda RSF sezilarli farqlarni qayd etmoqda: Yevropada vaziyat shimoliy mamlakatlardagi “yaxshi” holatdan mintaqaning sharqiy va janubiy qismlaridagi ko‘proq muammoli holatgacha o‘zgarib turadi. Sharqiy Yevropa va Yaqin Sharqda jurnalistlar uchun sharoit eng murakkablaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Postsovet mamlakatlari orasida turli yo‘nalishdagi dinamika kuzatilmoqda:
- Rossiya 172-o‘ringa tushib ketdi va pasayishda davom etmoqda.
- Belarus 165-o‘rinni egallab turibdi.
- Turkmaniston 173-pog‘onada joylashgan.
- Shu bilan birga, Moldova o‘z natijasini yaxshilab, 31-o‘ringa ko‘tarildi.
- Ukraina harbiy holatga qaramay 55-o‘ringa ko‘tarilgan.
- Armaniston ham o‘z pozitsiyalarini yaxshilagan, Gruziya esa 21 pog‘ona yo‘qotib, 135-o‘ringa tushib qolgan.
RSF’ning qayd etishicha, global vaziyatning yomonlashuvi jurnalistlarga bosimning ortishi, qonunchilikdan matbuot erkinligini cheklash maqsadida foydalanish va OAV xodimlari xavfsizligiga tahdidlar sonining ko‘payishi bilan birga kechmoqda.
Live
Barchasi