“Yagi” to‘foni oqibatida Vetnamda ko‘prik qulab tushdi (video)
Olam
−
10 Sentabr
5157Vetnam shimolini qamrab olgan “Yagi” to‘foni davom etmoqda. Kecha, 9 sentyabr kuni Fu Txo provinsiyasidagi gavjum Fong Chau yo‘l ko‘prigi qulab tushdi, oqibatda 10 ta avtomobil va ikkita skuter Xon Xa daryosiga tushib ketdi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Nashrga ko‘ra, 375 metr uzunlikdagi ko‘prikning bir qismi hozircha qulamagan, ammo yomon ob-havo sharoitida restavratsiya ishlari olib borilishi to‘g‘risida ma’lumot yo‘q. Harbiylarga imkon qadar tezroq ponton ko‘prigi qurish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
“Daryoga tushib ketgan uch kishi qutqarib olindi, 13 kishi bedarak yo‘qolgan”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, “Yagi” to‘foni bu yil uchun Osiyodagi eng kuchlisi bo‘lib, shamol tezligi soatiga 203 kilometrga yetmoqda. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni 60 dan oshdi. Halok bo‘lganlar orasida 68 yoshli ayol, bir yoshli bola va yangi tug‘ilgan chaqaloq ham bor. To‘fon uylarning tomini uchirishi va daraxtlarni qo‘porishi oqibatida 300 ga yaqin kishi jabrlangan. Mamlakat shimolida 1,5 millionga yaqin aholi elektr energiyasiz qolgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu to‘fon keltirib chiqargan ko‘chki va suv toshqinlari kamida 24 kishining hayotiga zomin bo‘lgani va yana 299 kishi jarohat olgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi