Yahudiylarning talabi bilan Yulduz Usmonovaning Nyu-Yorkdagi konserti bekor qilindi (video)
Madaniyat-san’at
−
06 Sentabr
62621O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning AQSHning Nyu-York shtatida 14 sentyabr kuni o‘tkazilishi kerak bo‘lgan an’anaviy konserti Amerikadagi yahudiy diasporasining noroziligi ortidan bekor qilindi. Bu haqda AQSHdagi o‘zbek jurnalisti San’at Sharipov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Yulduz Usmonovaning “Besh yulduz Entertainment” MCHJ tomonidan tashkillashtirilgan Nyu-Yorkdagi konserti 14 sentyabrga belgilangan edi. Lekin uning yaqinda Isroilni qoralab qilgan chiqishi va yahudiy mahsulotlarini boykot qilishga chaqirishi Buxoro yahudiylarining noroziligiga sabab bo‘lib, ularning sa’y-harakatlari bilan konsert bekor qilingan. The Oceana Theater saytida sotuvga chiqarilgan chiptalar o‘chirib yuborilgan.
Endilikda faqat 1 ta konsert, u ham bo‘lsa, o‘zbek diasporasi uncha ko‘p bo‘lmagan Ogayo shtatidagi Sinsinnati shahrida bo‘ladi. 2009 yildan beri Star Entertainment tashkiloti ko‘magida Nyu-Yorkda konsert o‘tkazib kelgan Usmonovaning o‘zi tadbir bekor qilinganini tasdiqlagan bo‘lsa-da, buning sababini ochiqlashni istamagan.
“7 sentyabrda Sinsinnatida ko‘rishamiz, boshqa shtatlarga borolmaymiz, vaziyat shunaqa bo‘lib qoldi”, degan qo‘shiqchi.
Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHdagi yahudiylar Usmonovaning konsertini bekor qildirish bilan bir qatorda uning shu paytgacha AQSHda o‘tkazgan tadbirlarini sarhisob qilgan holda soliqqa tortish kerakligini iddao qilgan.
O‘zbekiston xalq artisti oldinroq o‘zining Instagram sahifasida Falastin va Isroil o‘rtasidagi mojaroga munosabat bildirib, Isroilni bosqinchilikda ayblab, uni davlat deb hisoblamasligini aytgan. Keyinroq esa u Isroil mahsulotlarini boykot qilishga chaqirgan.
Bu bayonot AQSH va Isroildagi Buxoro yahudiylari jamoasida g‘azab va xavotir bilan qarshilandi. Jamoa vakillari Usmonova “antisemit ohangidagi” chiqishlari uchun Isroil xalqidan kechirim so‘rashi kerakligini aytgan.
Ma’lumot uchun, 2014 yilda ham Nyu-Yorkda Yulduz Usmonovaning konserti bekor qilingan. Konsertning bekor qilinishiga taklifnomada faqat Yulduz Usmonovaning o‘zigina ko‘rsatilgani sababchi bo‘lgan. Tashkilotchilar xonandaning AQSHga kirish vizasini rasmiylashtirgan, biroq uning sozandalari haqida unutib qo‘yishgan. Oqibatda sozandalar o‘z vaqtida viza rasmiylashtira olmagan va konsertni bekor qilishga to‘g‘ri kelgan.
LiveBarchasi