YHXBning 26,5 mlrd so‘mlik tenderida qonunbuzilish holati aniqlandi
3-sahifa
−
26 iyul
6092Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining tender savdolarida “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning buzilish holati aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, qo‘mitaga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan 2024 yil 10 iyunda boshlang‘ich qiymati 26 mlrd 500 mln so‘mga yaqin o‘tkazilgan tender savdolari yuzasidan murojaat kelib tushgan.
Qo‘mita tomonidan murojaatga asosan olib borilgan o‘rganishlarda tender savdolari yo‘l belgilari uchun bo‘yoqlar va shisha mahsulotlarni xarid qilish uchun o‘tkazilgani ma’lum bo‘lgan.
Ishni ko‘rib chiqish natijasida, “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunining 29-moddasi talablari buzilgan deb topilib, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasiga nisbatan tender savdo natijasini haqiqiy emas deb topish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Shuningdek, ushbu qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxsga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikni belgilash masalasi ko‘rib chiqiladi.
Ma’lumot o‘rnida, Maxsus komissiyaning ushbu qaroridan norozi bo‘lgan tomon qo‘mitaning Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.
“Raqobat qo‘mitasi davlat xaridlarini o‘tkazishda “Raqobat to‘g‘risida”gi va “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunlariga rioya etilishi yuzasidan doimiy ravishda monitoring ishlari olib bormoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqobat qo‘mitasi 1,4 mlrd so‘mlik tender yuzasidan Ma’naviyat markaziga nisbatan ish qo‘zg‘atgandi.
LiveBarchasi