Vrachlarni qamash kerak deyman – vazir o‘rinbosarining audiosi tarqaldi

Jamiyat

Ijtimoiy tarmoqlarda Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Abduhakim Hojiboyevga tegishli ekanligi ma’lum bo‘lgan audioyozuv tarqaldi. 50 daqiqalik audioda vazirning birinchi o‘rinbosari Zangiotadagi koronavirus bemorlari davolanayotgan shifoxona xodimlariga dakki berganini eshitish mumkin.

Abduhakim Hojiboyev Zangiotadagi shifoxonada tashkiliy masala haddan tashqari og‘ir ahvolda ekanini jiddiy tanqid qilgan. Xatto bemorlar shifoxona tashqarisida ko‘rilayotganini eshitish mumkin. Quyida audiodagi muhim o‘rinlarni keltirib o‘tamiz.

“Qabul bo‘limi degan joy bor. Nega u yerga kasal kirmaydi? Nega kasal ko‘chada ko‘riladi? Shunday o‘ylanganmi? SES ruxsat bermaydi deydi”;

“Nimaga kasallik tarixi kasal tushgandan keyin 3 kunlab yozilmay yotibdi?”;

“Men 20 yildan beri o‘nlab vrachlarni qamoqdan qutqarib kelganman, endi fikrim o‘zgarmoqda. Vrachlarni qamash kerak deyman, men o‘zim ularni qamattiraman, Zangiotadan boshlaymiz”;

“Bir oyda bir yillik maoshni olyapsizlar. Vijdon bo‘lishi kerak-ku. Nega kasallik tarixiga qaramaysizlar? Agar “istoriya” yozilmagan bo‘lsa, bemor muolaja olmagan. Kasalga 3 kun “istoriya” yozilmadi degani, kasalga 3 kun it ham qaramadi, oldiga hech kim bormadi degani”;

“Necha marta raport bilan chiqdinglar sizlar ikki direktor? Kislorod muammo, “davleniya”si 1,1-1,2 dan ko‘tarilmayapti, shuni natijasida kasallar o‘lyapti deb... Bir marta ham chiqmagansizlar. Demak, siz ikkingizni bu qoniqtiryapti, odamlarning o‘lishi sizlarni qanoatlantiryapti”;

“Bir oyga bitta shu klinikaga 40 mlrd so‘m ketyapti, o‘sha 40 mlrd.ni 90 foizi sizlarning (shifokorlar nazarda tutilyapti) maoshlaring. Kasalga “shashvar” ham yo‘q”;

“Hamma kasallik tarixi trafaret, “dnevnik” ham trafaret, chunki u kasalni ko‘rmagan, birorta vrach kasalni oldiga kirmagan, ko‘rmagan. Chunki hamma kasal bir xil bo‘lishi mumkin emas”;

“Moskvadan kelgan professor aytyapti, kasal 7-10 kun yotarkan, belyo (choyshablar, ich kiyim – tahr.) bir marta ham almashtirilmaydi, deyapti, hech bo‘lmasa 3 marta almashtirilishi kerak emasmi?”;

“Meni o‘zimga har kuni qo‘ng‘iroqlar bo‘ladi: (kasalni – tahr.) olib chiqib ketaylik, boshqa joyga o‘tkazaylik, deb. Nimaga desam, umuman doktorlar qaramayapti deyishadi”;

“Bir xil raqamli kasallik tarixi 8 ta bo‘lishi ham mumkinmi?!”;

“Kislorod “davleniya”si tushib ketayotgani uchun har kuni bir nechta odam o‘lyapti. Nega SSVga bormayapsizlar “glavrachcha”lar?”;

“Hammangiz javob berasizlar. Hech kim ishdan ketib qutulmaydi, agar kimdir qochaman desa, prokuraturaga beramiz”;

“Ne poymanniy, ne vor. Lekin ushlangani bor. Ishga olish uchun million-million olayotganlar. Xalqni o‘rtasida gap: “u yerga faqat pul bilan kiriladi”. Xalq bekorga gapirmaydi.

“Kecha va bugun yotgan kasal munosabat o‘zgarganini sezishi kerak”;

“Kasalga dori yozib berishinglarni mutlaqo taqiqlayman, dori tugasa, “Minzdrav”ga chiqishlaring kerak”;

“Kasalni dori-darmoni tumbochkasida turibdi. Kasal o‘zi kelib, o‘zi dori ichib tuzalib ketyapti”;

“Ishlatmasdan turib o‘g‘irlaydi... Hammasi o‘g‘ri bularning. Afsuski, bu fakt”;

“(Choyshablarni – tahr.) nima uchun ishlatmayapsan, nima uchun kasal sassiq “postel”da yotishi kerak, nimaga haftada ikki marta almashtirmaysan?”;

“Sanitarkasiyam ishlamayapti, chunki boshidan sasigan bular”;

“Bo‘lim mudiriyam, glavvracham mavjud dorilarni bilmay qo‘liga yozib beryapti, bizda ma’lumot bor, signal chiqib yotibdi. Mana bu yerda yotibdi antibiotik mingtalab, ikki mingtalab, lekin joyida qo‘liga yozib beryapti. Nima uchun yozib beradi?”;

“Balki 30 foizi, balki 50 foizi kislorodga qabul qilishi kerakdir, lekin 100 foizi emas”;

“Xayollaringdan chiqaringlar, bu o‘tib ketadigan narsa emas. Yoki tartibga tushasizlar yoki boshqa yo‘li yo‘q”;

“Men prokuraturaga berishni xohlamas edim. Agarda keskin o‘zgarish bo‘lmasa, majbur bo‘linadi prokuraturaga berishga”;

“Bittayam “glavvrach”ni bo‘shatmaysiz... Hammasini bo‘yniga qo‘yib, undan keyin nima qilish kerakligini aytamiz”;

“Tez yordam haroratni o‘lchab kelyapti-ku, bu yerda nimani o‘zgartirasanlar”;

“Aynan seni iyundan beri olgan pulingni qaytartiraman, seni prokurorga beraman, yozgani uchun, o‘zida ayb sezmagani uchun...”;

“O‘sha “krasniy zona”da ishlaganing uchun 25 mln “nadbavka” (qo‘shimcha pul – tahr.) beradi. Nima haqqing bor kasalni kirgizmaslikka?!”.

Vazir o‘rinbosarining 50 daqiqalik audiosida kasallikni davolash vaqtidagi xatoliklar haqida fikrlar bormaydi. Barcha tanqidlar shifoxonadagi tashkiliy ishlarga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, shaxsning o‘z kasbiga nisbatan beparvoligi yoki insofsizlik bilan munosabatda bo‘lishi tufayli kasb yuzasidan o‘z vazifalarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi oqibatida odam(lar) o‘lishiga sabab bo‘lsa, Jinoyat kodeksi 116-moddasining tegishli qismlari bilan jinoiy javobgarlikka tortiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda Abduhakim Hojiboev

Baholaganlar

1352

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing