Voyaga yetmagan shaxslarning “sudlanmagan” deb hisoblanishi belgilanmoqda

Jamiyat

image

18 yoshga to‘lguniga qadar sodir etgan o‘ta og‘ir bo‘lmagan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxs sudlanmagan deb hisoblanishi belgilanmoqda. Bu haqda kecha, 1 avgust kuni Oliy Majlis Senatining 9-yalpi majlisida muhokama qilingan “Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda so‘z boradi.

Qayd etilishicha, keyingi yillarda O‘zbekistonda bolalarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, ularning huquqlari va erkinliklarini davlat tomonidan kafolatlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Statistik raqamlarga ko‘ra, mamlakatda 2023 yilda 1 911 nafar, 2024 yilda 2214 nafar voyaga yetmagan shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan va sudlangan. O‘tgan yilda ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar 1 238 ta, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar soni esa 855 tani tashkil qilgan.

Mazkur qonun “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga doir Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan. Qonun bilan Jinoyat kodeksining bir qator moddalariga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritilmoqda.

Jumladan, 18 yoshga to‘lguniga qadar sodir etgan o‘ta og‘ir bo‘lmagan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxs sudlanmagan deb hisoblanishi belgilanmoqda. Shuningdek, qonunda voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikni cheklashning hamda ozodlikdan mahrum qilishning eng kam muddati 6 oydan 1 oygacha qisqartirilishi nazarda tutilmoqda.

Senatorlarning fikricha, ushbu qonun voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlikni yanada liberallashtirishga xizmat qiladi va o‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsga hayotini sudlanganlik tamg‘asidan xoli tarzda davom ettirishi uchun sharoit yaratadi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullangan.


Maqola muallifi

Teglar

jinoyat Voyaga etmagan shaxslar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing