Voyaga yetmagan bolasiga homiy tayinlamasdan chetga ketgan fuqarolarga javobgarlik belgilanmoqda

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi e’lon qilindi.

Qonun loyihasi bilan voyaga yetmagan farzandlarini ta’minlash, tarbiyalash borasidagi majburiyatlarini bajarmasdan doimiy yoki vaqtinchalik yashash joylarini tashlab boshqa hududlariga ketib qolish holatlari bo‘yicha huquqbuzarlarga nisbatan javobgarlikni belgilash maqsadida, ayrim qonunchilik hujjatlariga qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Hujjatga keltirilgan tushuntirishda qayd etilishicha, voyaga yetmagan farzandlarini ta’minlash, tarbiyalash borasidagi majburiyatlarini bajarmasdan doimiy yoki vaqtinchalik yashash joylarini tashlab boshqa hududlarga jami 1245 nafar shaxslar chiqib ketib qolish holatlari aniqlangan bo‘lib, ularning barchasi voyaga yetmagan farzandlariga qonunchilikka muvofiq vasiy yoki homiy belgilamagan.

Buning natijasida bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilab berilgan bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish borasidagi huquqlari buzilib, voyaga yetmaganlar turli ko‘rinishdagi huquqbuzarlik qurboni yoxud o‘zlari tomonidan huquqbuzarlik sodir etilishiga sabab bo‘lmoqda.

Loyihaga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks quyidagi mazmundagi 47-6-modda bilan to‘ldiriladi:

“47-6-modda. Ota-ona voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlamasdan, boshqa hududga yoki xorij davlatlariga chiqib ketishi

Ota-ona vasiylik va homiylik organlari orqali voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlamasdan boshqa hududga yoki xorij davlatlariga chiqib ketishi (ota-onalarning o‘z ota-onalik majburiyatlarini uzrli sabablarga ko‘ra bajara olmaydigan davri bundan mustasno) — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda (1,35 million so‘m) jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda (2,7 million so‘m) jarima solishga sabab bo‘ladi”.

Shuningdek, Oila kodeksi 74-moddasi quyidagi mazmundagi uchinchi va to‘rtinchi qismlar bilan to‘ldiriladi:

“Ota-ona uch oydan ortiq muddatga xorijiy davlatga ketayotganida qonunchilik hujjatlariga muvofiq o‘z bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash choralarini ko‘rishi shart.

Ota-ona uch oydan ortiq bo‘lmagan muddatga xorijiy davlatga ketayotganida o‘z bolalarini qarindoshlarining yoki boshqa yaqin kishilarining vasiyligida yoki homiyligida va nazorati ostida qoldirishi kerak, vasiylik yoki homiylik, agar bu bolaning manfaatlari uchun zarur bo‘lsa, belgilanadi.

Ota-ona xorijiy davlatga doimiy yashash uchun yoki uch oydan ortiq muddatga ketishidan bir oy oldin o‘z bolalariga vasiy yoki homiy belgilash bo‘yicha arizani vaqtincha yoki doimiy yashayotgan hududning vasiylik va homiylik organiga taqdim etishlari lozim”.

O‘zbekiston Respublikasining “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi qonunining 20-moddasi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“20-modda. Ota-ona yashash joyida vaqtincha bo‘lmaganda vasiylik yoki homiylik belgilash

Ota-ona uch oydan ortiq muddatga yashash joyida vaqtincha bo‘lmaganda yoki xorijiy davlatga ketayotganida ushbu Qonunning 26-moddasiga muvofiq o‘z bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash choralarini ko‘rishi shart.

Ota-ona uch oydan ortiq bo‘lmagan muddatga xorijiy davlatga ketayotganida o‘z bolalarini qarindoshlarining yoki boshqa yaqin kishilarining vasiyligida yoki homiyligida va nazorati ostida qoldirishi kerak, vasiylik yoki homiylik, agar bu bolaning manfaatlari uchun zarur bo‘lsa, belgilanadi.

Ota-ona xorijiy davlatga doimiy yashash uchun yoki uch oydan ortiq muddatga xorijiy davlatga ketishidan bir oy oldin o‘z bolalariga vasiy yoki xomiy belgilash bo‘yicha arizani vaqtincha yoki doimiy yashayotgan hududning vasiylik va homiylik organiga taqdim etishlari lozim”.


Maqola muallifi

Teglar

qonun oila bola

Baholaganlar

42

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing