Voyaga yetmagan bolani zanjirband qilgan shaxs o‘qituvchi bo‘lib chiqdi
3-sahifa
−
17 mart
26269Avvalroq, Samarqandda 13 yashar bola oyog‘idan kishanlangan holda topilgani haqida xabar bergan edik. Bolaga nisbatan bunday tarzdagi zo‘ravonlik holati maktab o‘qituvchisi tomonidan sodir etilgan bo‘lib chiqdi. Bu haqda Bolalar ombudsmani ma’lum qildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2011 yilda tug‘ilgan Sh.Sh. Paxtachi tumani “Qalqon-jasorat harbiy sport maktabi”ning 6-sinfida o‘qiydi. Sh.Sh. ning vasiylari J.S. va E.M. lar mazkur maktab o‘qituvchisi X.Sh. ni chaqirib, undan bolani xulqi og‘irligi tufayli Samarqand viloyati “Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish Markazi”ga olib borishni so‘ragan. “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov bildirgan ma’lumotga ko‘ra, ayni damda o‘qituvchi ekani aytilgan shaxs huquqni muhofaza qilish organining sobiq xodimi bo‘lgan.
2024 yil 15 mart kuni maktab o‘qituvchisi Sh.X. go‘yoki avtomashinadan tushib qochib ketmasin degan vaj bilan bolani avtomobilning orqa o‘rindig‘ida g‘ayriqonuniy tarzda oyoqlarini temir zanjir bilan bog‘lab qo‘ygani aniqlangan.
Holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilib, Jinoyat kodeksining 138-moddasi (Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda ish yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Bola qanday xulqda bo‘lishidan qat’i nazar unga nisbatan bunday g‘ayriinsoniy, noqonuniy chora ko‘rilishiga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bu bolaning erkinligi va shaxsiy daxlsizligi huquqiga ziddir”, deydi Bolalar ombudsmani.
Hozirda voyaga yetmagan Sh.Sh. ga tibbiy, psixologik va ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatilishi choralari ko‘rilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatidagi maktablardan birining direktori o‘g‘il bolalarning boshini bir-biriga urishtirib, kaltaklagan edi.
LiveBarchasi
Dollar kursi biroz pastladi.
04 dekabr